SAN'ATGA FIDOYI INSONLAR QOLDIMI

Yaqinda bir qator loyihalarni amalga oshirish uchun siyosiy fanlar nomzodi, professor Azamat Haydarovning "Harakatlar strategiyasi va ma'naviy yuksalish " nomli ilmiy kitobini o‘qib chiqdim. Unda bugungacha san'at va madaniyat sohasida uchragan qiyinchilik va muammolar bitilganiga ko‘zim tushib, o‘zimga ma`qul kelgan joylarini belgilab bordim. 

Kitobda yozilishicha, "Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi vaqtda madaniyat va san'at muassasalarida mehnat qilayotgan kadrlarning 50 foizidan ziyodi oliy ma'lumotga ega emas. Buning asosiy sababi institutlarni bitirib joylarga ishga borayotgan kadrlarga zarur sharoit yaratib berilmagan". 

O‘zingiz ayting, ijodkorning sha'ni, g‘ururi, san'atga sadoqat degan tushunchalar qayoqda qoldi? 

Biz madaniyat markazi, NNT tashkilotlarini ko‘paytirishdan avval ularni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘lgan rahbarlarni professional darajada tarbiyalashimiz kerak emasmi? 

"Xo‘ja ko‘rsin"ga rahbar saylaganimiz uchun ham bugungi kunda bu kabi tashkilotlarning nomi ulug‘ suprasi quruq bo‘lib, hatto joylardagi madaniyat markazlari, muassasalar xarob bo‘lib yotganligi, mahaliy aholi ham madaniyat tashkilotlari bilan tanish emasligi ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, faqat hujjatlashtirish uchungina nomiga tadbir o‘tkazilayotgani hech kimga sir emas. Bu qachongacha davom etadi? 

Ustoz Azamat Haydarovning kitobini yana varaqladim. Xuddi fikrlarimga monand yozuvlarga ko‘zim tushib, katta xo‘rsinish bilan o‘qidim.

Barchangiz yaxshi xabardorsiz, mamlakatimizda madaniyat tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan qisqa davrda bu borada ikkita muhim hujjat - "Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora -tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon, "Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi. Shunday bo‘lsa-da, madaniyat vazirligi mutasaddilarida sustkashlik, o‘zibo‘larchilik, xotirjamlikka berilish kayfiyati davom etyapti...

O‘zbekistonda adabiyot va san'at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma'naviyat va ma'rifat biznesga aylanmasligi va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymayligimiz shart. 

Albatta, adabiyot va san'at, madaniyat sohalarida yuzaga kelgan jiddiy muammo va kamchiliklarning obyektiv va subyektiv sabablari bor. Bugun o‘z oldimizga "Kim aybdor?" deb emas, "Nima qilish kerak?" degan savol qo‘yaylik. Esingizda bo‘lsa, ilgari yaxshi bir an'ana bor edi. Ya`ni madaniyat va san'atning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha iste'dodli yoshlarning respublika miqyosida seminarlari o‘tkazilardi. Ana shu ezgu an'anani tiklab, adabiyot, teatr va kino, musiqa va tasviriy san'at, jurnalistika sohalariga kirib kelayotgan yosh iste'dod egalari uchun O‘zbekiston yosh ijodkorlarining seminari tashkil etilsa yaxshi bo‘lardi. 

O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Biroq bir-birini tushunmaslik san'at va adabiyot olamida avj olgan. Milliardlab o‘tkazilayotgan mablag‘lar qayerga sarf qilinayotganini bilmaganimiz kabi farmon va qarorlar ijrosi ta`minlanmay kelayotgani ham biz uchun mavhum. Insoniyat dunyoga kelibdiki, bir-biriga suyanadi va yelkadosh bo‘lib jamoaviy ishlar olib boradi. 

O‘zbilarmon rahbar va mansab egalari, agar unda qalb bo‘lsagina o‘z sohasi rivojiga doir jamiki qarorlar bilan tanishib o‘ngga yo‘l ochadi. 

Hayot davom etmoqda. 

Yangi manzillarni ko‘zlagan yoshlar qanot yozib turibmiz. Agar uni sindirib qo‘yishmasa erkin parvozimiz davom etadi.

Zilolabonu XOLIQOVA,

O‘zbekiston davlat madaniyat va 

san'at instituti 

4-kurs talabasi


Авторизация