TANLOVLARDAN "TANLANGAN" O'YLAR

Yaqinda shahar ma`naviyat va ma`rifat markazi tashkil etgan ikkita tanlovni kuzatdim. "O'zbek tili bayrami" munosabati bilan Sabhram universitetida esselar tanlovi va 1-umumta`lim maktabida "Vatan taraqqiyotiga mening hissam" shiori ostida tasviriy va amaliy san`at, nazm va nasr, milliy maqom va estrada yo'nalishlarida ijodkor o'quvchilar o'rtasidagi tanlovning shahar bosqichi bo'lib o'tdi.

Ustozlar meni kechirsinlar, ming bor uzr so'rayman va maorifdagi xizmatlaringizni e`tirof etmaslik gunoh. Lekin....

Hamma balo mana shu "lekin"da!

Birinchidan, tanlovda ishtirok etayotgan o'quvchilar til qonuniyatlariga muvofiq to'g'ri fikrlash va fikrni yozma tarzda qog'ozga lo'nda qilib tushirish bobida anchayin no'noq ekanlar. Bu borada biron bir ijodiy ishni namuna tarzida ko'rsatishga, ochig'i, hakam sifatida qiynaldim, garchi 1-, 2- va 3-o'ringa da`vogarlarni aniqlab berishga to'g'ri kelgan bo'lsa ham...

Demak, maktabda insho, esse, bayon, diktant kam yozdiriladi, menimcha. Yana bilmadim. O'quv-chiga "dars-dan tash-qari falon kitobni o'qib, so'ngra uni menga so'zlab berasan", deb uni mutolaaga, so'z boyligini o'stirishga majburlaydigan mard ustozlar, yumshoq aytganda, anqoning urug'i bo'pqopti. 

Ikkinchidan, ijodiy ishlarda imloviy, ishorat va uslubiy xatolar shu darajada ko'pki, o'zbek tili fani o'qituvchilari qaysi til qonuniyatlarini o'quvchiga o'rgatishmoqda ekan, degan shubha paydo bo'lyapti. Hatto, ba`zi ishlarda gap boshida ishlatilgan kirish iboralar va gap ichidagi ayrim so'zlarni "jizzaxcha sheva"da yozishganiga nima deysiz!? Beixtiyor, davlat tilidan dars berayotgan "tilchi"larimiz mashg'ulotlarni "sheva"da o'tisharkan-da, degan xayolga borasiz. 

Uchinchidan, ijodiy ishlarda so'z va iboralarni takror ishlatish holatlari (taftalogiya) juda ko'p. Bu jihat o'quvchining yozma va og'zaki nutqi rivojlanmaganidan, gap qurilishini unutib, shunchaki qog'oz qoralashga o'tib ketishidan dalolat. 

To'rtinchidan, savodxonlik darajasi past. Shunday bo'lsa-da, tanlovga kelgan bir o'quvchi bilan suhbat qulog'im ostidan haligacha ketmayapti.

- She`r yozasanmi yo hikoya?,-deya so'radim undan. 

- She`r. Àmmo ko'rsatmay qo'ya qolay... 

- Uyalish kerakmas she`r yozishdan. Shu paytgacha kimlarga ko'rsatgansan, ustozlaring ko'rganmi? Yo'nalish, maslahat berib turishadimi?

- Yo'q. Bir marta ko'rsatgandim. Shundan beri ko'rsatmayman endi...

- Nega, qizim?

- Ustozim birinchi o'rinda yozuvimga qaraydi... Xatoyimni aytmagan. Chiroyli yozganlarnikini o'qiydilar faqat...

Sezdim-ki, o'quvchi qizning ko'zidagi iymanish va tortinish hissi, shu bilan birga, tan olinmaganlikning ruhiy iztirobi uni ijodda odamovi qilib qo'ygan... To'g'ri, yozuvi xunukdir, husnixatni talab qilish kerak albatta. Lekin, xuddi chumolini bo'yoqqa botirib qo'yvorganday qilib, shu she`r deb opkelsayam, murg'ak qalbning birinchi ijodi bu, hurmatli ustozlar! Ko'rib, "yaxshi she`r yozibsan, yana, yana yozaver-sang, yaxshi yozadi-gan bo'p-ketasan" deyishga, sizdan bir yaxshi gap kutganiga yarasha yaxshi gapirishga majbursiz!.. 

Bu gaplarimni o'qigan ba`zi birovlar "bir-ikki tanlovga borib, o'zicha bizning xatoyimizni topyaptimi!?" der. Shunday bo'lsayam, mayli, "birinchidan... ikkinchidan..." qilib fikr aytdimmi, chidaysizmi-yo'qmi, endi tavsiyalarimni ham, aytaman.

1-tavsiya. Hurmatli boshlang'ich sinf o'qituvchilari va o'zbek tili ustozlari! Darsni shevada emas, adabiy tilda o'ting! Shevadan yozma nutqqa o'tadigan "h" va "x", "o'" va "u", "i" va "e" kabi harflarning yozilishidagi muammolarga yo'l qo'ymang va buni o'quvchilardan ham qattiq talab qiling.

2-tavsiya. O'quvchidan adabiyot darsliklarida o'tiladigan badiiy asarlardan parchalar bilan cheklanmasdan, o'sha asarni to'lig'icha va ayni asar muallifining boshqa biror asarini ham to'liq o'qib, gapirib berishini talab qiling. Bunda o'quvchining og'zaki nutqi rivojlanishini va so'z boyligi oshishini kuzatib, boshqa tavsiyalar ham berib boring. She`r yodlating va ifodali o'qishga o'rgating, toki o'quvchi uni baland va shirali ovozda o'qib berish, she`r mazmunidan kelib chiqib, o'zidan ohangdor kayfiyat qo'sha olishga erishsin.

3-tavsiya. O'quvchiga kundalik tutib, yuritishni, har kuni hech bo'lmaganda o'n - o'n beshta gapdan iborat kichik hikoya tuzib, o'zi o'tkazgan kun yangiligini qog'ozga tushirishga, yozishga, ijodga o'rgating.

4-tavsiya. She`r yoki hikoya yozishga qobiliyati bor o'quvchi bilan alohida ishlashga hech bo'lmasa 15 daqiqa vaqt toping!

Dilmurod ABDURAHIMOV,

jurnalist


Авторизация