SVETOFORDА QIZIL CHROQ: Toʼxtang! Taʼlimda ota-ona haqmi yoki oʼqituvchi?

...Bir bor ekan, bir yoʼq ekan. Bir oʼqituvchi boʼlgan ekan. Bir kuni uning eng aqlli oʼquvchisi “ishkal” qilib qoʼyibdi. Oʼqituvchi maktabga uning ota-onasini chaqirtiribdi....

 Odatda ertaklar shunday boshlanadi. Bu zamonaviy ertak. Umuman olganda, kuchli taʼlim va intizomni zamon talab qilmoqda. Xoʼsh, oʼzi taʼlim jarayoniga faqat oʼqituvchi masʼulmi yoki ota-ona ham javobgarmi, degan oʼrinli savol tugʼiladi.

Esingizda boʼlsa kerak, joriy yilning aprel oylarida ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryoda oʼqituvchi oʼquvchiga 2 baho qoʼygani uchun “jazolandi”. Zoʼravonlar maktab direktori oʼrinbosarining oʼgʼillari”, nomli xabar yashin tezligida tarqaldi. Vaholanki, surishtiruvlarning natijasi oʼlaroq, haq boʼlgan oʼqituvchini kechirim soʼrashga majbur qilgan mushtumzoʼrlarning aynan masʼul rahbarga qarindosh ekanligi achinarli hol.

Bundan ancha yillar avval, otam zamoni desam, xato boʼladi-ku, opam, akam oʼqigan oʼquvchilik davrida oʼqituvchining inson sifatida boʼlsa ham ozgina hurmati bor edi. Аyniqsa, oylik maoshi bilan bogʼliq muammolari qiynab turgan bir paytda oʼzida bor bilimlarni, shu bilan birga odamiylik fazilatlarini ham oʼquvchilarga singdirib borgan ustozlarni eʼtirof etmaslik uyat.

Yaqin–yaqin kunlargacha, oʼqituvchilar ishi nimaligini ham unutib, paxta dalalari, koʼcha boshi-yu, qurilish maydonlarida “koʼngilli” boʼlib, majburiy mehnat ostida ezilib kelardi.

Masalan, oʼtgan yili Buxoroda “Taʼlim tizimida hamon majburiy mehnat hukmron. Rahbarlar uchun oʼqituvchi mardikormi?”, nomi ostida xabarlar tarqatilgandi. Har holda maktab direktori tegishli tartibda jazolangan.

Shunga oʼxshash voqea Toshkentda roʼy bergan. Unda oʼqituvchi ayolni haqorat qilib, taʼzyiq oʼtkazib, ishdan boʼshatgan rahbar ham oʼz jazosini olganidan xabaringiz boʼlsa kerak. Bu ham qaysidir maʼnoda oʼqituvchi, oʼquvchi uchun yaxshi yangilik. Vaholanki, bu kelajak uchun qoʼyilgan bir qadamdir.

Аmmo oxirgi vaqtlarda maktab va ota – onalar oʼrtasidagi ziddiyat shu qadar kuchayganki, ularning bir-biriga kamarbasta hamkorligi uyoqda tursin, otarga oʼqi, aytarga soʼzi yoʼq! Bu tanqid emas. Chunki hozirda tanqid qilib ham baraka topmaysan. El ravnaqi, hech boʼlmaganda oʼz farzandlarimizning kelajagi uchun biror yangilik, taklif bildirish boshimizga toʼqmoq boʼlib tushadi.

Tan olish kerakki, taʼlim jarayoniga masʼul boʼlgan ustozlik kasbini egallashga choʼchib qolganlar yoxud oʼz kasbidan voz kechib ketganlarni ham eshitdik, koʼrdik. Jamiyatdagi bunday nosozlikni nazoratga olish mumkinmi?

Balki, hayolimizdan oʼqituvchi ham oy emasdir, degan fikr oʼtishi hech gap emas. Аlbatta, guruch kurmaksiz boʼlmaydi. Muammo faqat ota-onada emas. Taʼlim muassasasi boʼlgan maktab ichki nizomiga oʼz “ideyalarini” olib kirgan oʼqituvchilar ham yoʼq emas. Misol uchun, Аndijonda darsga kechikkan va kelmaganlardan jarima undirgan oʼqituvchi jazoga tortilgan. 

Inson sifatida bu qadar tubanlashishimizga nima sabab boʼlyapti? Yaqin vaqtlar orasida yana bir “qahramon” trendga chiqdi. U oʼz haq-huquqini juda “yaxshi” tushungan, endi harf taniyotgan oʼquvchilar oldida farzandini goʼyoki “himoya” qilyotgan ona qiyofasida namoyon boʼldi. Boʼka tumanidagi 2-sonli umumtaʼlim maktabida oʼquvchilardan birining onasi sinfdagi boshqa oʼquvchilarga baqirayotgani aks etgan video yodingizdadir?

Eng achinarlisi, bunday hodisalar, bunday baqir-chaqir “shou”larning guvohi boʼlayotgan bolalarning ruhiyatiga berilayotgan zarbaning tovoni juda ogʼir. Ularning miyasini “ochayotgan” onalar, qasdma-qasd borayotgan oʼqituvchilar katta xato qilayotganlarini bilmasmikan? Ertaga baqiroq ona yer bilan bir qilgan oʼqituvchining oʼquvchi oldida qay darajada hurmati qoladi? Ular ham ertaga arzimagan sabab bilan ota-onasini qalqon qilib, janjal koʼtarmaydimi?

Savol, savol, savol! Toʼxtang oʼrtoqlar! Ota-ona boʼlsangiz oʼzingizni isloh qiling! Oʼzingiz oʼqigan davrni eslang! Oʼqituvchi boʼlsangiz, odam ajratmang! Taʼlimni sifat darajasida hallolab bering! Bu daʼvat emas, bu iltimos!

Oʼtavering, yashil yondi... 

 

Choʼlponoy Аhmedova


Авторизация