YANA O'SHA MUAMMO

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Humo” tizimida nosozliklar kuzatilayotganligi keskin tanqidlarga uchramoqda. O‘zimiz ham bu muammoga bir necha bor duch kelayotganligimiz sir emas. Bu joriy yildagi birinchi holat emas. 

Oktabr oyining birinchi o‘n kunligida ham shu kabi kamchiliklar kuzatilgan edi. Ushbu masala yuzasidan Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Haqiqatdan ham 2-3 kun davomida «Humo» to‘lov tizimi faoliyatida kamchiliklar kuzatildi. Buning asosiy sababi tizim o‘z dasturiy ta’minotini to‘liq yangilab chiqdi. Ko‘pchilik taxmin qilganidek, bu yerda boshqa muammo yo‘q. Asosiy va yagona sabab shu” deya fikr bildirdi. Shunday bo‘lgan bo‘lsa, unda noyabr oyida tizimdagi nosozliklarga nima sabab? Odamlarning sarson bo‘lib pulini “click” qila olmayotganligi yoki bankomatdan yechilgan pulning aslida naqdlashtirib berilmayotganlik holatlariga qanday sababni tirgash mumkin? 

Ayniqsa, 14-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston banklariga xakerlar hujum qilishgani va “Humo” kartalardan yirik miqdorda pul o‘g‘irlaganligi haqidagi xabar yashin tezligida tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan “Humo” to‘lov tizimining Matbuot xizmati bildirgan munosabat bildirdi. Milliy banklararo protsessing markazi ma’lum qilishicha, ushbu ma’lumotlar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. ““Humo” to‘lov tizimi barcha xavfsizlik talablariga javob beradi va tizimga bevosita hech qanday kiberhujum sodir bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoq faollaridan tekshirilmagan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmasliklari so‘raladi. Eslatib o‘tamiz, aholi o‘rtasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud”, deyiladi xabarda.

Kuni kecha bir tanishim yarim tunda plastik kartasidan pul yechib olinganligi haqida xabar kelganidan so‘nggina uni yo‘qotib qo‘yganligini bilganini qayg‘urib gapirib berdi. Aytishicha, 23:19 (bir daqiqa ichida) plastik kartasidan ikki marotaba 50 ming va bir marta 42 ming jami 142 ming so‘m yechilgan. Taxminingiz to‘g‘ri. Ma`lumki, Humo kartalarida 50 ming so‘mgacha pul yechish uchun kod talab qilinmaydi. Kartani topib olgan shovvoz ham xarid qilgan mahsuloti yoki boshqa ehtiyoji uchun zarur mablag‘ni xuddi shu usulda sarflagan. Do‘kon egasi nahotki bu holatdan ajablanmagan? Tanishim  qolgan mablag‘ ham sarflanib ketmasin deb boshqa kartasiga qolgan pulni “click” qilgan. Bu birgina misol, xolos. Biroq qulaylik uchun deya ta`riflangan jihat bu vaziyatda kimning foydasiga xizmat qildi? Bunday holatga tushganlar ham anchagina nazarimizda. 

Mutasaddi tashkilotlarga beradigan savolimiz bor: nosozliklar qachon mutlaqo bartaraf etiladi? Qancha mablag‘ bo‘lishidan qat’i nazar to‘lovni kodsiz amalga oshirishni to‘xtash kerak emasmikan? 

Gavhar SAYDULLAYEVA


Авторизация