Subhidam... Yuzimni tongning salqin shabadasi silab oʼtdi. Oʼrnimdan turdimda, buloqni muzdekkina suviga yuzimni chaydim. Bogʼimizga oʼtib, yer bilan bitta boʼlib yotgan oʼriklarni tushib oʼriklarni savatimga terib oldim. Koʼzimni uzoq - uzoqlarga tikib, xayol ogʼushiga koʼmilib ketdim...
Bu bogʼlar... Bu manzara... ortida qanchadan - qancha mehnat, halol peshona terlari toʼkilganiga shubha yoʼq. Bu bogʼda bir asrni yashab qoʼygan yongʼoqdan tortib, kechagina payvand qilingan gilosgacha bor. Mana roppa - rosa toʼqqiz yil boʼlibdi. Bu bogʼni jannatmakon qilgan otamning qabri nurlarga toʼlib turgan boʼlsa ajab emas. "Yaxshidan bogʼ qoladi "- deya bejiz aytilmagan ekanda. Otam yaxshi inson edilar. Umrini farzandlarining kamoli va shu bogʼi uchun sarf qildi. Saxiy inson edilar - doim muxtojlarga yordam berardilar...
Hozir ham otamni qoʼmsab yigʼlayman. Mana shu soʼlim bogʼda birga vaqt oʼtkazganlarimizni, hamma – hammasini eslayman. Otamning qoʼli tekkan bu daraxtlar barchasiga guvoh.
Insonlar avvallari daraxtlar ekib, bogʼu-rogʼ qilishgan. Hozirchi? Hozir? Bunday goʼzallikni, bunday hayot zanjirini nobud qilish bilan band. Hashamatli binolar qurishadi. Koʼchalarni kengaytirish baxonasida tabiatga zarar yetkazishadi. Bu bir tomondan insonlar uchun foydadir, ammo bir tarafdan zarar hisoblanadi. Qancha yashil makonlar koʼpaytirilib, daraxtlar ekilsa, nafaqat ozon qatlami uchun balki biz uchun ham yaxshi. Shunday ekan yashil makonni koʼpayishi uchun tinmay harakat qilayotgan insonlarning qoʼli dard koʼrmasin deymiz. Zero insondan uning ijod mahsuli, yaxshi xotiralari va yaxshi nom qoladi deganlaridek, bogʼbondan ham jannatgoʼsha bogʼ, shirindan shakar mevalar qoladi.
Koʼchamizdan oʼtib-qaytganlar otam ekkan daraxtlarning soyasida dam olishib, "Otangga rahmat" deyishsa xursand boʼlib ketaman. Balki shumikan yaratgan mahsulining mevasi-yu, rohati...
Nigina Shirinbekova Аbdusalim qizi.