OʼQUVCHILARDA EKOLOGIK MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH

   Maktab oʼquvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish pedagogik amaliyotda ustuvor yoʼnalishga aylanib bormoqda. Bu bizning sayyoramizdagi murakkab vaziyat bilan bogʼliq boʼlib, tez koʼpayotgan aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash, sanoatga mineral xom-ashyo yetkazib berish hamda energiya ishlab chiqarish tufayli yuzaga kelayotgan muammolar borgan sari atrof muhitni ifloslantirib, yer yuzasidagi hayotga tahdid solmoqda. 

   Buning eng asosiy sabablaridan biri aholining ekologik savodsizligi desak mubolagʼa boʼlmaydi. Shu sababli, YuNESKO va YuNEP kabi xalqaro tashkilotlar Yer yuzi aholisining ekologik taʼlim mazmuni va muddatlarini qayta koʼrib chiqish zarurligi masalasini koʼtarmoqda. Ekologik madaniyatning shakllanishi bola hayotining birinchi 7-8 yiliga toʼgʼri keladi. Boshlangʼich maktab yoshi - bu inson hayotining hal qiluvchi davri, chunki bu davrda atrofdagi dunyoga toʼgʼri munosabatda boʼlish asoslari shakllanadi. Ongi muayyan ekologik gʼoyalar bilan sugʼorilgan oʼquvchilar tabiatga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʼlishadi. Kelajakda bu maʼlum bir mintaqada ham, butun mamlakatda ham ekologik vaziyatning yaxshilanishiga taʼsir qilishi mumkin.

   Atrof-muhitdagi global muammolar butun insoniyatning taqdiriga taʼsir qiladi. Jamiyat rivojining hozirgi bosqichida atrof-muhit sohasidagi taʼlim masalasi alohida ahamiyatga va dolzarblikga ega. Buning asosiy sababi atrof-muhit haqida farzandlarimizda tushuncha hosil qilmasdan turib kelgusida ushbu muammolarning oldini olib boʼlmaydi. Shu bois ham ekologik taʼlim zamonaviy taʼlimning oʼzagiga aylanib bormoqda. Ekologik taʼlim yangi axloqning asosi va odamlar hayotida koʼplab masalalarni hal qilishdagi roli bugungi kunda ayniqsa dolzarbdir. 

   Oʼzbekiston Respublikasi hududlaridagi ekologik muammolar yechimi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasida Ekologik taʼlimni rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida” qaror qabul qilindi. Ushbu xujjatga koʼra, mamlakatimizda ekologik taʼlimni rivojlantirish va bu sohadagi islohotlarni yanada kengaytirish yuzasidan bir qancha islohotlar amalga oshirildi.

   Shu oʼrinda ekologik kompetentsiya toʼgʼrisida ham tushuncha bersak. Ushbu jumla qanday maʼnoni bildiradi? Ekologik kompetentsiya - tirik organizmlarning inson hayotidagi ahamiyatini anglab yetish, ularni muhofaza qilish boʼyicha koʼnikmalarni egallashidir. Ekologik kompetentsiyalar tizimining asosiy qismlaridan biri ekologik shaxsiyatdir. Aynan insondagi ekologik shaxsiyatlarning toʼgʼri shakllanishi bolalikdanoq toʼgʼri shakllantirilishi orqali ekologik kompetentsiyalar shakllantiriladi.

 

Visola Toʼraqulova,

Jizzax Davlat pedagogika universiteti Sirtqi boʼlimi,

tabiiy va aniq fanlarda masofaviy taʼlim kafedrasi oʼqituvchisi


Авторизация