HАM АVTOTURАRGOH, HАM QUYOSH FOTOELEKTR STАNSIYASI

Bugun insoniyat global ekologik muammolar, tabiiy manbalar taqchilligi qarshisida turibdi. Suv, yoqilg‘i-energetika manbalari zaxirasi yil sayin qisqarib, ularga bo‘lgan talab esa, aksincha, ortib bormoqda. Shu tufayli mazkur muammolarni bartaraf etish faqat “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish orqaligina erishilishi bugun qayta tiklanmaydigan manbalarning muqobil shakllarini yaratish, ulardan keng va samarali foydalanishni taqozo etmoqda. 

Dunyo bo‘yicha quyosh, shamol, suv va boshqa tabiat inʼomlaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish allaqachon ommalashib ulgurdi. Mamlakatimda shu sohada amalga oshirilgan ishlar uzviylik kasb etayotganligi quvonarli. Bundan uch yil oldin O‘zbekistonning 2019-2030-yillar davrida “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi qabul qilingan edi. Unda yaqin o‘n yilda mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish ko‘zda tutilgan.

Uzoqqa bormaylik. Jizzax politexnika instituti ham muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha tajriba ega tashkilot sanaladi. Jumladan, taʼlim maskanida 2000-yildan boshlab muqobil energiya manbalarini o‘rganish, ularni ishlab chiqarish borasida ilmiy izlanishlar olib borayapmiz. Аlbatta, buning uchun institutda sharoitlar yaratilgan bo‘lib, muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko‘lami ham yil sayin kengayib boryapti. Аxir, ilmiy loyihalarni amaliyotda qo‘llamay turib, kutilgan natijaga erishib bo‘lmasligi ayni haqiqat. 

Bugungi kunda oliygohda Germaniya davlatidan olib kelingan 6,75 kilovattli quyosh elektr stantsiyasi o‘rnatilgan. Аyni paytda institutda 3 ta quyosh paneli va 2 ta shamol generatori mavjud. Shuningdek, 1 dona 100 kVt.li quyosh fotoelektr stantsiyasi hamda talabalar turar joyiga o‘rnatilgan 10 dona quyosh suv isitgichlaridan foydalanilmoqda. Ular ishlab chiqargan elektr energiyasi institut elektr taʼminotini yaxshilash hamda tejamkorlikni oshirishga samarali xizmat qilyapti.

Xalqaro grant doirasida umumiy qiymati 11 ming yevroga teng “EPH yetakchi quyosh laboratoriyasi”da ham muntazam tajriba sinovlari olib boriladi. Quyosh nurlarining quyosh panellariga kelib tushish yo‘nalishi, nurlarning elektr energiyaga aylanishi ustida o‘tkazayotgan sinovlarimiz samarali natijalarni bermoqda. Bir sutkada 7 kilovatt kuchlanish beradigan 24 ta panelli laboratoriya jihozlarimiz ham bor. Ularda yorug‘lik nuri taʼsirida quyosh panellarining sirti va ichi keskin o‘zgarishi hosil bo‘layotgan kuchlanishga ham taʼsir qilishi ustida tajribalar olib boramiz. Shu tarzda olingan energiyadan institut binosi va hududini yoritishda foydalanilmoqda. 

Shuningdek, oliygohda elektroenergetika, elektrotexnika, elektromexanika, elektrotexnologiya, radiotexnika va elektron asbobsozlik yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanadi. Oxirgi yillarda moddiy-texnik bazamiz rivojlanib boryapti. Institutimizga 2 million dollardan ziyod qiymatdagi zamonaviy va yangi ilmiy-o‘quv laboratoriya jihozlari olib kelib, ishga tushirildi. АSKUE laboratoriyasi, quyosh batareyalari, shamol elektr generatori, Janubiy Koreyadan keltirilgan shamol-quyosh gibrid elektr energiya manbai, Texnopark uchun elektr energiyasi taʼminoti qurilmalari shular jumlasidan. Ular talabalarning ilm olish jarayonini amaliyot bilan faol bog‘lashi, zamon talabi asosida yetuk, malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishiga xizmat qilyapti.

Bu yo‘nalishda xalqaro oliy o‘quv yurtlari bilan ham qator loyihalarni amalga oshirib kelyapmiz. O‘qituvchi va talabalarimiz xorij davlatlarida malaka oshirib qaytyapti. Germaniyaning Gamburg texnologiya universiteti bilan imzolagan loyihamiz esa aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan. Xususan, Arnasoy tumanidagi “Sangzor” chorvachilik fermer xo‘jaligida quvvati 7,5 kvt bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatilib, ishga tushirildi. Natijada xo‘jalik katta miqdorda elektr energiya va unga sarflanadigan mablag‘ni tejashga erishdi. 

Davlatimiz rahbari joriy yilning 10 fevral kuni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrifi davomida ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratdi. Viloyatda kamida 2 ming Megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun salohiyat borligi taʼkidlandi. Uchrashuvda Jizzax politexnika instituti professori Urishboy Yo‘ldoshev muqobil energiya manbalarini ishlab chiqarish bo‘yicha oliy o‘quv yurtimizda olib borilayotgan loyiha haqida gapirib, Prezidentimizga o‘z taklifini bildirdi. Mahalliy sharoitda xorijnikidan ancha arzon bo‘lgan quyosh panellari ishlab chiqarish, buning uchun mavjud liniyani ishga tushirish uchun 3,5 milliard so‘m zarurligini aytgani ko‘pchilikni yodida. Yurtboshimiz taklifni qo‘llab-quvvatlab, loyiha uchun 5 milliard so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berganlari institutimiz uchun bildirilgan yuksak ishonchning namunasi bo‘ldi. Аyni kunlarda ushbu loyihani ishga tushirish borasida ishlar jadal tus olgan. 

Birgina bu emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi ijrosini taʼminlash maqsadida institutning 2-o‘quv bino hududiga 100 kVt.lik, 3-o‘quv bino tom qismiga 150 kVtlik hamda talabalar turar joyi tom qismiga 100 kVt.lik “Quyosh fotoelektr stantsiyasi” xarid qilinib, o‘rnatildi. Natijada yillik iqtisod 275 ming.kVt/soat bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, talabalar turar joyi tom qismiga 10 ta quvvati 2000 l.lik quyosh suv isitish tizimlari o‘rnatildi.

Аyniqsa, institut asosiy binosi hududidagi avtoturargoh yangi o‘quv yili oldidan zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Gap shundaki, avtoturargohga 200 kVt.lik qiymati 2 milliard 360 million so‘mlik quyosh fotoelektr stantsiyasi o‘rnatildi. Qisqacha aytganda, ushbu usul hududdan unumli foydalanib, avtomashinalarning quyoshdan saqlash masalasida ham ijobiy yechim bo‘ldi. 

Muxtasar aytganda, quyosh panellari, shamol generatorlari elektr energiyasi olishning qayta tiklanadigan, eng samarali muqobil manbalari hisoblanadi. Shuningdek, arzon, ekologiyaga mutlaqo bezarardir. Qolaversa, quyosh batareyalaridan to‘plangan manbadan istalgan vaqtda foydalanish imkoniyati, elektr tokining o‘chib qolish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi. Mamlakatimizda yilning taxminan 300 kuni quyoshli bo‘lishini inobatga olsak, bu borada imkoniyatlarimiz yuqori ekanligi muqobil energiya manbalaridan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatadi.

Azamat SHERALIYEV,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi


Авторизация