TА'LIM SOHАSIGА CHАMBАRCHАS BOGʼLIQ...

Mamlakat kelajagi taʼlim sohasiga chambarchas bogʼliqdir. Ilgʼor kadrlarni tayyorlash, ijodiy fikrlaydigan mutaxasislarni yetishtirish oliy oʼquv yurtlaridagi taʼlimni tashkil etish jarayonlari bilan bogʼliq. Bugungi kunda oliy oʼquv yurtlarida taʼlimni tashkil etish jarayoni kredit modul tizimida amalga oshirilmoqda.

Kredit modul tizimini asosiy jixatlaridan - biri talabaning mustaqil oʼzlashtirish koʼnikmasini shakllantirishga urgʼu berilishidadir. Yaʼni kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar fandan oʼzlashtirishi lozim boʼlgan maʼlumotlarning 40-50 foizi auditoriya, yaʼni oʼqituvchilar tomonidan olib boriladigan maʼruza, amaliy, seminar va laborotoriya mashgʼulotlarida, qolgan 50-60 foiz maʼlumotlarni mustaqil ravishda oʼzlashtirilishi koʼzda tutilgan. Sirtqi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar esa fanning yarmi yoki yarmidan koʼpini mustaqil oʼzlashtirishi kerak. 

Hozirda oliy oʼquv yurti oʼquv jarayonlarida mustaqil oʼzlashtirish uchun ajratilgan maʼlumotlarni oʼzlashtirish jarayoni mening nazarimda qoniqarli emas. Chunki talaba mustaqil oʼzlashtirishi uchun doimiy ravishda kutubxonlarda oʼtirib, fanlardan adabiyotlar bilan ishlashi zarur. Talabalarimizning kutubxonalardan foydalanish monitoringi ham bu fikr toʼgʼri ekanligini asoslaydi. Talabalar mavzuni 4, 5 yoki undan koʼp adabiyotlarni oʼqib, tahlil qilib oʼrgangandagina ilmni his qilishadi va bu talabaning ijodiy tashabbuskorligi va faolligini oshirishga, uning dunyoqarashi ijobiy tomonga keskin oʼzgarishiga olib keladi. Mustaqil oʼrganishlari uchun ajratilgan mavzularni oʼzlashtirishlarini oʼqituvchilar tomonidan doimiy nazorat qilib borishlari va ragʼbatlantirilishlari lozim. Professor-oʼqituvchi dars mashgʼulotlari jarayonida kimlardir tomonidan tuzilgan metodlardan emas, balki auditoriyadagi talabalarning bilimi, oʼzlashtirish qobiliyatidan, mavzuning hususiyatidan kelib chiqib, oʼz metodlari asosida dars mashgʼulotlarini olib borishi zarur.

Hozir oʼqituvchilarimiz tomonidan oʼtilayotgan mashgʼulotlarda talabalar mavzu boʼyicha bilim, malaka va koʼnikmalarini qanchalik oshira oldi, degan savol oʼrniga, oʼqituvchi qaysi zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalandi, degan savol muhimroq boʼlib bormoqda. Oliy taʼlim muassasalari dunyo reytinglariga kirishi uchun talabalarimizning ilmli boʼlishlari asosiy rol oʼynaydi. 

Mening nazarimda fan xususiyatidan kelib chiqib, baʼzi fanlardan nazoratlarni ogʼzaki shaklda oʼtkazish maqsadga muvofiq. Masalan ogʼzaki tarzda nazoratlar qabul qilish jarayoniga barcha xohlovchilar taklif qilingan holda oʼtkazilsa, bu yerda shaffoflik taʼminlanadi. Talabaning nutq madaniyati oshishiga xizmat qiladi. Bir soʼz bilan aytganda, kelajagimiz bevosita taʼlim bilan bogʼliqligini yurak yurakdan xis qilmogʼimiz zarur.

 

Hakim Alimov,

Jizzax davlat pedagogika universiteti katta oʼqituvchisi,

falsafa fanlari doktori.


Авторизация