SIZ YASMIQ EKININI BILASIZMI?

Hozirgi kunda Respublikamiz va dunyo aholisining turmush farovonligini yuksaltirishda, daromadlarini oshirishda hamda chorvachilikni yuqori oqsilli to‘yimli ozuqalar bilan ta’minlashda dukkakli don ekinlari alohida o‘rin egallaydi. Ayniqsa, yasmiq ekini ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Yasmiq eng  qadimiy  oziq-ovqat  ekinlaridan biridir.  Yasmiq  doni  tarkibida 23-32 foiz oqsil , 0,6-2,1 foiz moy, 47-70 foiz azotsiz ekstraktiv moddalar, 2,3-4,4 foiz kul, 2,4-4,0 foiz kletchatka va qator vitaminlar bor. Yasmiq doni ovqatga butunligicha, yorma yoki un qilib ishlatiladi. Poyasining tarkibida 6-14 foiz oqsil bo‘ladi.Yer yuzasida yasmiq 3,361 mln. gektar yerga ekiladi. Yasmiq Pomir tog‘lari, Gretsiya, Hindistonda keng tarqalgan. O‘rtacha hosildorligi gektaridan 20-30 s. Yasmiq oqsilining 86 foizi, kraxmalning 93 foizi hayvonlar organizmida hazm bo‘ladi. Yasmiqning doni, to‘ponlari, qobiqlari ham qoramollar uchun yaxshi ozuqa hisoblanadi. 

Yasmiq doni o‘z vazniga e’tiborli bo‘lgan ayollar uchun juda foydali. Chunki yasmiq doni tarkibining 54 foizi murakkab uglevodlardan va 26 foizi organizmda tez hazm bo‘luvchi oqsillardan tashkil topgan. Bundan tashqari, yasmiq doni o‘zida juda kam miqdordagi yog‘ni saqlaydi. 

Yasmiq doni juda ham foydali hisoblanib, u qondagi shakar miqdorini kamaytiradi, ko‘pgina biriktiruvchi to‘qimalarga ega, temir saqlash bo‘yicha u birinchi o‘rinda turadi. Yashil yasmiq doni eng foydalisi hisoblanadi. U biriktiruvchi to‘qimani o‘zida ko‘p saqlovchi dondir.

Yasmiq doni – ekologik toza mahsulot. Yasmiq donini yetishtirish atrof-muhitga hech qanday zarar keltirmaydi. U o‘zida nitrat moddasini saqlamaydi.

Yasmiq doni navlari har xil muddatda tayyorlaniladi. Yashil va «fransuzcha» yasmiq 1 soat davomida pishsa, qizil, po‘stidan tozalanilgani esa,  15-20 daqiqada pishadi. Sariq yasmiq doni esa hammasidan ham tez pishadi – 15 daqiqa va tayyor. Qo‘ng‘ir rangdagi yasmiq doni 25-30 daqiqada pishadi.Yasmiq donidan ko‘pgina taomlar, sho‘rva va gazaklardan tashqari   pirog uchun asoslar, non va shirinliklar ham tayyorlanadi. Masalan, yasmiq donidan foydali kotletlar tayyorlasa bo‘ladi. Bundan tashqari yasmiq donini yetishtirish tuproq unumdorligini oshiradi va azotga boyitadi.

Respublikamizning janubiy mintaqalarida yasmiqni kech kuzda ham ekish mumkin. Chunki yasmiq sovuqqa chidamli, kech kuzda ekilganda iyun oyida yig‘ishtirib olinadi. Yasmiq ekishning eng yaxshi usuli keng qatorlab ekishdir. Tajribalar yasmiqning qator orasi 33-45 sm. kenglikda ekish yaxshi natija berishini tasdiqlaydi. Qator oralari 60 sm. bo‘lganda o‘simlik uchun zarur bo‘lgan namlik, ozuqa moddalarning fotosintez jarayoni me’yoriy sharoitda boradi.

F. Qodirqulova,

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti 

2-bosqich talabasi


Авторизация