YER QONUNBUZILISH HOLATLARI BARTARAF ETILMOQDA

YER QONUNBUZILISH HOLATLARI BARTARAF ETILMOQDA

 

Yer — insoniyat uchun berilgan bebaho meros, hayot manbaidir. Darhaqiqat, bugun barcha sohalarda bo‘lgani kabi Yer sohasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, milliy boyligimiz bo‘lgan yer resurslarini asrab-avaylash, undan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, uni kelgusi avlodga sof holida yetkazishga qaratilgan bir qator qonunlar, qarorlar, farmonlar qabul qilinib, hayotga tadbiq etib kelinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yerga oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan joylarda Yer va kadastr nazoratchilari tomonidan aniqlangan yer qonunbuzilish holatlari va ularni bartaraf etish borasida bir muncha ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Kadastr agentligi Zarbdor tuman bo‘limi tomonidan 2023 yil o‘tgan 10 oy davomida jami 321 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan. Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonida jami 27 ta holatda 0.32 gektar yer maydoniga noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirganlik holati kuzatilgan.

Yuqorida aniqlangan qonunbuzilishlari bo‘yicha 138 ta holatda jami 206 gektar yer maydoni ogohlantirish muddati ichida ixtiyoriy bartaraf etilgani sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan. 32 ta holatda yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan qonunbuzilishlari yuzasidan Kadastr agentligi Zarbdor tuman bo‘limi tomonidan ma’muriy jarima qo‘llanilgan. 9 ta holatda esa ogohlantirish muddati mavjud.

Agentlik inspektorlari tomonidan ma’muriy jarima qo‘llanilgan, biroq o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatini bartaraf etmaganlik yuzasidan 19 ta holatda jami 0.75 gektar o‘zboshimchalik bilan egallab olish va qurilish ishlarini amalga oshirish holatini buzdirish yuzasidan FIB sudlariga da’vo arizasi kiritilgan.

Fuqarolarning murojaati yuzasidan tumanning Mustaqillik MFY, Abdulla Qahhhor ko‘chasida tuman inspektorlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilganda, fuqarolar tomonidan avtomobil himoya hududi o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi ma’lum bo‘ldi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Mustaqillik MFY, Abdulla Qahhor ko‘chasida jami xonadonlar soni 56 ta bo‘lib, huquqbuzarlik sodir etilgan holatlar soni 43 tani, shundan o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati 28 ta, o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirish holati esa 15 tani tashkil etgan. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan MJtKning tegishli moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ixtiyoriy bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari berildi. Fuqarolar tomonidan berilgan ogohlantirish xatida ko‘rsatilgan muddat ichida ixtiyoriy bartaraf etilgani yuzasidan 30 ta holatda ma’muriy jarima chorasi qo‘llanilmasdan tugatilgan. 2 ta holatda esa fuqarolar tomonidan sodir etilgan xuquqbuzarlik oqibatlari bartaraf etilmaganligi sababli Fuqarolik ishlari bo‘yicha FIB sudiga o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmani buzdirish yuzasidan da’vo arizalari kiritilgan, 11 ta holatda esa ixtiyoriy bartaraf etish muddati mavjud.

 

Ruslan Kushbakov

Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi

Zarbdor tuman bo‘limi boshlig‘i


Авторизация