KUTILGAN NATIJANI BЕRAYOTIR

Yer insoniyat uchun berilgan bebaho meros, hayot manbaidir. Darhaqiqat, bugun barcha sohalarda bo‘lgani kabi Yer sohasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, milliy boyligimiz bo‘lgan yer resurslarini asrab-avaylash, undan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, uni kelgusi avlodga sof holida yetkazishga qaratilgan bir qator qonunlar, qarorlar, farmonlar qabul qilinib, hayotga tadbiq etib kelinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yerga oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan joylarda Yer va kadastr nazoratchilari tomonidan aniqlangan yer qonunbuzilish holatlari va ularni bartaraf etish borasida bir muncha ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning ortda qolgan o‘n bir oyi davomida Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi G‘allaorol tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan yer nazorati tizimida olib borilgan tadbirlari natijasida jami 183 ta holatda 156,8 gektar yer maydoni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, 31 ta holatda 2,7 gektar maydonda noqonuniy qurilmalar qurilganligi aniqlandi.

Jumladan, Marjonbuloq SHFY, “O‘zbek oltini” mahallasi hududidagi tuman zaxira fondi yerlari hisobida bo‘lgan 0,06 gektar yaylov yer maydonini fuqaro S. Jumanov hech qanday huquqiy hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan egallab, 212 kv.m. bo‘lgan uy-joy uchun poydevor qurib olganligi aniqlandi. Aniqlangan holat yuzasidan fuqaro S. Jumanovga nisbatan bo‘lim inspektorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 60-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, yer maydonini tuman zaxira fondi yerlari hisobiga qaytarish yuzasidan 15 kunlik ogohlantirish xati ham berildi.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarining 26 ta holatda 142,25 gektari yer fondining qishloq xo‘jaligi toifasi, 108 ta holatda 13,26 gektari aholi punkti yerlari va 49 ta holatda 1,29 gektari zaxira yerlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha Kadastr agentligining G‘allaorol tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan huquqbuzarlarning barchasiga ogohlantirish xatlari berilgan. Shundan 126 ta holat joyida ixtiyoriy bartaraf etilib, yer uchastkasi o‘z holiga qaytarilgan, 57 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalar kiritilgan.

Bundan tashqari, joriy yil 1-noyabr holatiga 133 ta huquqbuzarga (17 ta 60-modda 2-qismi, 36 ta 6-modda 3-qismi, 4 ta 68-modda 1-qismi, 76 ta 68 prim 1-modda) nisbatan jami 1 mlrd. 280 mln. 220 ming so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Qo‘llanilgan jarimalarning 81 tasidan 154 mln. 825 ming so‘m qismi kadastr organlari tomonidan (amaldagi tartib bo‘yicha 15 kunlik muddatda to‘lovni amalga oshirgan huquqbuzarlarga 58 mln. 245 ming so‘m 50 foizlik va 11 mln. 790 ming so‘m 30 foizlik imtiyozlar qo‘llanilgan) undirilishi ta’minlandi. To‘lanmay turgan 1 mlrd. 51 mln. 500 ming so‘mlik jarimaning muddati o‘tgan 39 tasidagi 669 mln. 950 ming so‘mlik qismi majburiy undiruvga qaratildi. Majburiy tartibda 3 ta holatda 11 mln. 750 ming so‘m mablag‘ undirildi. Undirilmagan va shu jumladan, majburiy ijroga qaratilmagan jarimalar miqdori 499 mln. 850 ming so‘mni tashkil etmoqda. Mazkur jarimalar bir oylik muddatda ixtiyoriy to‘lanmagan taqdirda tegishli tartibda majburiy ijroga qaratilishi ta’minlanadi.

Kadastr organlari xodimlari tomonidan albatta bundan keyingi davrlarda ham prokuratura, sud organlari, soliq idoralari, majburiy ijro byurosi kabi tegishli soha vakillari bilan hamkorlikda yer nazorati tizimida amaliy ishlar olib boriladi.

 

ELYOR NAZAROV,

Kadastr agentligi G’allaorol tuman bo‘limi boshlig‘i.


Авторизация