Suv taqchilligi kuzatilayotgan bugungi sharoitda obi hayotni isrof qilmay, tejab ishlatish zarur. Аyniqsa, qishloq xo‘jaligida suv sarfini kamaytirib samarali foydalanishga qaratilgan tashabbuslarni ko‘paytirish, ularni amaliyotda qo‘llash orqali tejamkorlikka o‘tish davr talabiga aylandi.
Qayd etish joiz, hozirgi paytda suvga bo‘lgan talab va ehtiyoj har qachongidan tobora ortib bormoqda. Natijada butun dunyoda suv tanqisligi kuzatilyapti. Ushbu dolzarb masala Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha suv resurslari Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Boshqa tomondan esa, aholining o‘sishi hisobiga, O‘zbekistonda 2030 yilga borib, suvga bo‘lgan talab 7 mlrd. kub metrga yetishi, 2050 yilga borib esa, bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi mumkin.
Shularni inobatga olib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish tubdan isloh qilinmoqda. Binobarin, 2030-yilga qadar respublikamizdagi sug‘orma dehqonchilik qilinadigan barcha ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazish, sohaga bozor mexanizmlarini keng tatbiq etish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan fermer va dehqonlar uchun rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada ko‘paytirish choralari ko‘rilishi belgilandi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan yanada samarali foydalanish maqsadida aniq chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Chunonchi, 2019-yildan mamlakatimizda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim — subsidiya ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. 2022-yildan boshlab esa ushbu tizim raqamlashtirildi.
Albatta, bu borada amalga oshirilgan vazifalar kelgusida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan maydonlar ko‘lamini sezilarli darajada oshishiga imkon beradi.
Prezident raisligida joriy yil 12-fevralda o‘tkazilgan videoselektor yigʼilishida agrar sohadagi ustuvor vazifalar va rejalarga alohida urgʼu berilib, kanallarni betonlar masalasi diqqat markazga qo‘yilganligi bejiz emas, albatta. Yigʼilishda uqtirilganidek, asosiy maqsad eng ko‘p suv yo‘qotiladigan kanallarni sugʼorish davri boshlanishigacha betonlashdan iborat. Shuningdek, 75 ta yirik kanalni betonlashga byudjetdan 680 milliard so‘m ajratilganligi, biroq Qashqadaryodagi loyihasi tayyor 9 ta kanalni beton qoplamaga o‘tkazish ishlari bor-yo‘gʼi 34 foizga bajarilganligi keskin tanqid qilindi. Sirdaryodagi 3 ta kanalda betonlash bo‘yicha bajarilgan ishlaning 10 foizga ham yetmaganligi bois yanayam keng ko‘lamli topshiriq va vazifalar belgilandi.
Jizzax viloyatida ham qishloq xo‘jaligi ekin maydonlariga suv yetkazib beruvchi yirik kanallarni reja asosida taʼmirlash ishlari davom etayapti. Jumladan, Sirdaryodan suv keltirib Zarbdor va Sharof Rashidov tumanlaridagi 35 ming gektardan ortiq maydonni sugʼorishga mo‘ljallangan uzunligi qariyb 99 km.ga yaqin DM-1 kanalining qariyb 15 km qismi betonlashtirilmoqda. Kanalning 5 ta qismida taʼmirlash ishlari ketyapti, jami 7 km. tuproq o‘zanning 4 km.ga yaqini betonlashtirib bo‘lindi. 120 nafar ishchi, 50 dan ziyod maxsus texnika va tashish transportlari jalb etilgan qurilish-montaj ishlari jadal boryapti.
Shuningdek, Zarbdor va Sharof Rashidov tumanlaridagi yana 20 ming 405 gektar yerga suv yetkazib beruvchi DM-2 kanalining ham 7 km.dan ortiq qismida rekonstruktsiya ishlari davom etyapti. Shu kungacha 4.7 kmda tuproq ishlari, 2.7 km da esa betonlash ishlari bajarib bo‘lindi. Loyihaga ko‘ra kanalning ikki yoni 8 metr, o‘zan osti 5 metr kenglikda, 20 sm qalinlikda betonlashtirilmoqda. "DM-2" kanalidagi rekonstruktsiya ishlari yakunlansa, 2 ta tumandagi 20 ming 405 gektar maydonning suv taʼminoti yaxshilanishi bilan birga 30-35 foizlik suv yo‘qotilishi barham topadi.
Yana bir muhim e’tirof — O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinda ekani, shak-shubhasiz, quvonarli. Buni tizim faoliyatini yanada isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning samarali ijrosi natijasi, deyish mumkin.
Hozirgi vaqtda mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi oldiga muhim vazifalar qo‘yildi. 2030-yilgacha sug‘oriladigan ekin maydonlarini to‘liq suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olish ana shular jumlasidandir. Aytish joiz, mamlakatimiz iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga asoslangan, hududimiz, aholining katta qismi shu bilan band. Demak, qishloq xo‘jaligida suv iste’molini bir foizga kamaytirish millionlab tonna suvni tejab qolish va uni aholi ehtiyojlariga yo‘naltirish imkonini yaratadi.
Muxtasar aytganda, suv tanqisligi — global muammo. Bunday sharoitda suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish nafaqat suv sarfini kamaytirish imkonini beradi, balki yashil iqtisodiyotga o‘tishning muhim elementiga aylanadi.
Fazlulloh MANSUROV,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi