FARZAND TARBIYASIGA BEE`TIBOR BO‘LMANG

Biz chet el ta’limiga havas qilamiz. Boisi ulardagi bolalar o‘z oldilariga to‘g‘ri maqsad qo‘ya oladi. E`tibor qaratadigan jihat shu bo‘lishi kerakki, maqsad avval oilada, keyin ta’limda qo‘yiladi. Olimlarning ta`kidlashicha, otalar kuniga o‘rtacha 12 daqiqa, onalar esa 30 daqiqa bolalari bilan muloqotda bo‘lar ekan. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ota-ona bolasiga yetarli vaqt ajrata olmasa, bolada maqsad qayerdan paydo bo‘lsin? Xorijiy ta’limni ustunligi, ayniqsa finlar, koreyslar ota-ona bolasi ustida jiddiy shug‘ullanadi. Unga maxsus vaqtlar ajratadi. Mehnat ta’tillarini oila davrasida o‘tkazadi. Bolalariga vaqtini baxshida qiladi. 

Aksar farzandlar, o‘zlarini sevishlarini va hurmat qilishlarini istaydi. Ayniqsa o‘smirlik davrida o‘zini bahosini bilish va o‘zini hurmat qilinishini bilish istagi birinchi o‘ringa chiqadi. Shu tufayli ham o‘smirlik payti farzandlarga e`tiborni yanada kuchaytirish foydadan xoli emas. 

Shu o‘rinda ayrim faktlarni keltirib o‘tsak. Ruhshunoslarning olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, bolalar ilk muhabbat bilan 5-7 yoshlarida uchrashishadi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, aynan shu davrda bolalar «men oyisi», «men dadasi» bo‘laman kabi o‘yinlar o‘ynashadi. Mutaxassislar bu davrdagi muhabbatni bolaga to‘g‘ri tushuntirib, unda qarshi jins vakiligi nisbatan mehr, e`tibor tushunchalarini hosil qilish kerak deyishadi.

Oilada yangi farzand tug‘ilsa, kattalari onasini chaqaloqdan qizg‘onishadi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, rashk tuyg‘usi o‘g‘il bolalarda kuchliroq. Qizaloqlar esa u qadar qizg‘onishmaydi. Sababi qizlarda kichikligidanoq onalik tuyg‘usiga moyillik bo‘ladi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloq o‘z onasining ovozini yuzlab ayollar orasidan ajratib oladi. Ruhshunoslar fikricha, bola dunyoga kelmasidan oldin onasining ovozini eshitadi. Bu esa unda ovoz ajratish refleksini paydo qiladi.

Bolakay 6-7 oyligida tabassum qilishni o‘rganadi. Onasi, otasi va atrofdagilar quvonganidan kuladi. Buni mutaxassislar reflekslarning shakllanish davri deyishadi.

Pedagoglarning xulosasiga ko‘ra, bolalarni biror ishni bajarishga majburlab bo‘lmaydi. Aynan majburlov choralari bolaning aqliy rivojlanishiga ta`sir qilib, unda qaysarlikni keltirib chiqaradi.

Bolalardagi raqobatchilik 5-6 yoshlarda paydo bo‘ladi. Ba`zilar buni ochiq-oydin ko‘rsatishadi, ba`zilar esa bildirmay biror ayyorlikni o‘ylab chiqarishadi. Raqobatchilikni tushungani yaxshi, ammo bu borada qanday yo‘l tutish kerakligini o‘rgatish kerak.

Farzandingiz o‘ziga ishongan, qiyinchiliklardan cho‘chimaydigan inson bo‘lishini istasangiz bolaligidan uni rag‘batlantiring. «Sen eng yaxshi bolasan!», «Uddalaysan!» aynan mana shunday maqtov so‘zlari bolaga qanot beradi. Demak, bolani maktab yoshiga yetishini kutmay, uni beshikdan ruhini chiniqtirib borish zarur. 

Ba’zida ota-onalar farzandlari ulg‘aygach ilk mehnat faoliyatlarini sevimli bo‘lmagan ishda ishlashga majburlashadi. Bu juda noto‘g‘ri. 

Inson o‘zini xafa qildirib qo‘ymaslikni, borligini har yerda namoyon etishi, odamoxunlikni farzandlarga yoshlikdan singdirib borish kerak.

Kuchli ota-onalarning bolalari yosh paytlaridan hech qachon o‘zlariga nisbatan hurmatsizlik yoki haqorot qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi. 

Bolalar qancha ko‘p kitob o‘qisa, o‘zlarinishuncha tez anglaydilar. Dunyoqarashi sayoz, bir yoqlama bolalar kelgusida ham tor doirada fikrlovchi, ijtimoiy ongi ham shunga yarasha past, bo‘layotgan voqea va hodisalarni tahlil qilolmaydigan, bo‘lar-bo‘lmas fikrlarga ergashuvchan bo‘lib o‘sadi.  

Ijtimoiy tarmoqlardagi behuda axborotlar quliga aylanib qoladi. Kitobdan, matbuotdan, nafis suhbatlardan uzoqlashish oqibati kelgusida ota-onaga uradi. Sayoz dunyoqarash pirovardida oilalardagi ajralish, ishbilarmonlikni ham cheklab, aksariyat oilalar kambag‘allikka mubtalo bo‘lmoqdalar.  

Urushdan keyin va mustabid tuzum paytida ham nochor oilalar bo‘lmaganmi? Bo‘lgan. O‘sha oilalarning farzandlarining aksariyati o‘z ustida ishlab, qiyinchiliklarni mardonavor yengib, turli oliy o‘quv yurtlarni bitirib ajoyib umrguzaronlik qilgan.

Ular uchun qaramlik, boqibeg‘amlik, dangasalik yod qusurlar edi. Odamlar bir birlariga ma’naviy muhtoj bo‘lishgan, ammo moddiy muhtojlikni sira o‘zlariga ep bilishmagan. Ishsizlikdan or qilganlar. Imkoniyati cheklangan bo‘lsa, boshqa gap, yetti muchali sog‘ odamni muhtojligi dangasalikdan boshqa gap emas.  

Ota-onalar har qachon bolasini tinglay olishi, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashishi, atrofdagi odamlar va qavm-qarindoshlarning yutuq va kamchiliklarini qiyosiy tarzda muhokama qilishi muhim. Ayniqsa, mehnat va tadbir orqali boy bo‘lganligi va aksincha dangasalik va tadbirsizliklari orqali haminqadar oila bo‘lib qolgan atrofdagi oilalar timsolida tushuntirilsa, yaxshi samara bYeradi. Shunda bolada kelajak haqida fikrlar paydo bo‘ladi.

Kuchli ota-onalar doim bolalarini tinglay olishadi. Hatto bolalari bema’ni narsalarni gapirsalar ham. O‘zlari diqqat bilan tinglangan bolalar, buning qadrini bilishadi va o‘zlari ham yaxshi tinglovchi bo‘lishadi. O‘z vaqtida yomon fikrlar ham to‘g‘rilab olinadi.

Ota-onalarning mehr-e’tibor bilan katta bo‘lgan bolalari bu an’anani davom ettirgan holda o‘z bolalarini ham tug‘ishganlari va yaqinlariga bog‘langanligini o‘rgatishadi. Xoh kichik, xoh katta bo‘lsin, har qanday muammoning ham yaxshi tomonini ko‘ra bilishni o‘rganish lozim. Bu muammoning yechimini topishga yordam beradi.

Fazlulloh MANSUROV,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

 


Авторизация