GENDER TENGLIKKA QO‘YILGAN ILK QADAM

Ko‘klam kirib kelishi bilan Xalqaro xotin-qizlar kunining nishonlanishi o‘zgacha shukuh baxsh etadi. Jamiyatimizda xotin-qizlarning nufuzini oshirish maqsadid ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy jabhada o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovordir. Ushbu global sana tarixiga bir nazar tashlasak. 

Har yili 8-martda nishonlanadigan Xalqaro xotin-qizlar kuni ayollarning erishgan va erishayotgan yutuqlarini nishonlash; ayollar huquqlari tengligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish; gender tengligi masalalarini keng tashviqot qilib, tezlashtirish hamda ayollar xayriya tashkilotlari uchun mablag‘ yig‘ish kabi maqsadlarni ifoda etadi. 

Xalqaro miqyosda taniqli feminist, jurnalist va jamoatchilik harakati faoli Gloriya Steynem bu kunni bir paytlar shunday tushuntirgan edi: “Ayollarning tenglik uchun kurash tarixi hech qanday feministik targ‘ibotga yoki biror davlat, tashkilotga tegishli emas, balki inson huquqlari bilan shug‘ullanadigan barcha odamlarning jamoaviy harakatlaridir”.

Bu kunning o‘ziga xos ranglari ham mavjud. Xalqaro xotin-qizlar kunini ifoda etuvchi asosiy ranglar uchta: binafsha, yashil va oq ranglar. Binafsha rang adolat va qadr-qimmatni anglatadi. Yashil umidni anglatadi. Oq rang garchi u munozarali tushuncha bo‘lsa-da, poklikni anglatadi. Ranglar 1908-yilda Buyuk Britaniyadagi Ayollar ijtimoiy-siyosiy ittifoqi (WSPU) tomonidan qabul qilingan.

1857-yil 8-martda Ayollar sotsial-demokratik tashkilotining chaqirig‘iga binoan Nyu-Yorkdagi to‘qimachilik fabrikasining ayol ishchilari Manhetten ko‘chalarida bo‘sh idish-tovoqlar, kastryulkalar bilan yurib, ayollarning mehnatiga ish haqining pastligi, ish sharoitining yomonligi va erkaklar bilan teng huquq berilishini talab qildi. O‘sha paytda ayollar kuniga 16 soatgacha ishlardi va mehnati uchun juda kam ish haqi olardi. Ungacha 16 soatlik ishga qarshi erkaklar ham bir necha bor qo‘zg‘alon qilgan bo‘lib, buning natijasida 10 soatlik ish kuni va mehnat huquqini himoya qiluvchi tashkilot tuzilishiga erishgan edi. Keyinroq Qo‘shma Shtatlarning ko‘plab fabrikalarida kasaba uyushma tashkilotlari paydo bo‘ldi va erkaklar bu uyushmalar a’zoligiga qabul qilindi. Ayollar qoshiqlarni bo‘sh kastryulkalarga urib, o‘zining noroziliklarini ifoda etib, turli mazmundagi chaqiriqlar va shiorlar aytdi. Bu marshda 15 mingga yaqin ayol qatnashdi. Bu hodisa nafaqat Amerika jamoatchiligi, balki butun dunyoning e’tiborini tortdi. Marshdan bir kun o‘tib Herald Tribune (hozirgi The New York Times) gazetasida “Bo‘sh kastryulkalar marshi” sarlavhasi ostida maqola paydo bo‘ldi va butun dunyoga ovoza bo‘ldi. 1857-yil 8-martdan keyin birinchi marta ayollar kasaba uyushmalariga a’zo bo‘ldi. Bundan tashqari, shu kuni Nyu-Yorkning ko‘plab shaharlarida yuzlab ayollar saylov huquqi berilishini talab qilib namoyishga chiqdi.

1910-yil 27-avgustda Daniya poytaxti Kopengagendagi Butun Yevropa ayollar forumida Nyu-Yorkdan kelgan ayollar delegatsiyasi ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibida taniqli nemis inqilobchisi Klara Setkin ham bor edi. U forumda otashin nutq so‘zlab, shunday dedi: “Nyu-York ayollari haq edi, yevropalik ayollar ham bunday talablarni qo‘yishlari kerak. Men 8-martni ayollarning ijtimoiy huquqlari uchun kurash kuni deb nomlashni taklif qilaman”.

Mana shu nutq 8-mart bayramiga asos soldi.

Birinchi marta Xalqaro xotin-qizlar kuni 1911-yil 8-martda nishonlandi. Asta-sekin ushbu sanani u yoki bu darajada nishonlanadigan mamlakatlar soni ko‘payib bordi. 1957-yilda BMTda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar ijtimoiy huquqlari uchun kurash kuni, degan yozuv paydo bo‘ldi.

Rossiyada 1913-yilda 8-martdagi birinchi ayollar namoyishi Yevropa ayollari bilan birdamlikda bo‘lib o‘tdi. 1965-yilda SSSR 8-martni dam olish kuniga aylantirishga qaror qildi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni tarix yaratilishiga munosib hissa qo‘shgan barcha ayollar uchun bayramdir. Tarixda ayollar sahna ortida juda ko‘p ezgu ishlarga sababchi bo‘lgani ham sir emas. Ammo XX asr boshlarida ayollarning jamoat hayotidagi o‘rni yaqqolroq yuzaga chiqa boshladi. 1906-yil yanvar oyida Sankt-Peterburgda ayollar uchun birinchi rus oliy texnik ta’lim muassasasi ochildi. Nyu-Yorkda 1909-yil yanvarda dunyodagi birinchi ayollar avtopoygasi boshlandi. 1989-yil aprel oyida ayollarning “Vivaldi orkestri”ning birinchi namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni Rossiya, Shimoliy Koreya, Xitoy va juda ko‘p davlatlarda rasmiy bayram sifatida tan olingan. Dunyoning bir qancha davlatlarida 8-mart bayram kuni deb hisoblanmasa-da, lekin har yili u feministik ruhdagi tarafkashlik bilan tobora ommalashib bormoqda. Bugungi kunda ushbu sananing asosiy targ‘ibotchisi BMTdir. 1977-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ishtirokchi mamlakatlarni ayollar tengligi va dunyo tinchligi g‘oyalarini nishonlash uchun 8-mart kuni tanlab saylangan edi.

BMTni qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlar, birinchi navbatda, ushbu bayramni ayollar uchun muhim ijtimoiy muammolarni ko‘tarish uchun bahona sifatida ishlatadi. Yildan yilga BMT ayollar manfaatlarini himoya qiluvchi ustuvor mavzularni tanlamoqda. 2013-yilda bu kunda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi chiqish mavzusi muhokama qilingan bo‘lsa, 2014-yilda Ayollar uchun tenglik — hamma uchun taraqqiyot mavzusi kun tartibiga qo‘yilgan edi.

Nilufar NEGMUROTOVA,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi


Авторизация