Mamlakatimizda o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradi. Korrupsiyaga qarshi har kim har doim kurashishi, bu illatning jamiyatga, taraqqiyotga va xavfsizlikka katta tahdid ekanini har bir ongli inson chuqur anglashi lozim. Shu bois mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi va sohada maxsus vakolatli organning tashkil etilishi bu borada tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Qolaversa, Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan bir qator mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda. Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligi, turli reyting va indekslarda o‘z mavqeini sezilarli darajada yaxshilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilayotir.
Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tashabbusi bilan ta’sis etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimi aynan yurtimizda o‘tkazilgani O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borayotgan ishlarning yaqqol natijasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu xalqaro mukofot har yili Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kunida korrupsiyaga qarshi global miqyosda hissa qo‘shganlarni e’tirof etish va qadrlash maqsadida topshiriladi. Mukofotning asosiy maqsadi nafaqat global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida namunali va e’tiborga molik harakatlar, ilg‘or amaliyotlarni namoyish va e’tirof etish, balki butun dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurash modellarini o‘rganish, tajriba almashish, targ‘ib qilish va xabardorlikni oshirishdan iborat.
Davlatimiz rahbarining ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etgani hamda qator aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surgani dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etildi va qo‘llab-quvvatlandi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Ongi va qalbi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifamizdir. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini O‘zbekistonda keng joriy etishdan manfaatdormiz”, degan so‘zlari muhim chaqiriqlardan biri bo‘ldi.
Umuman olganda, ushbu nufuzli tadbirning mamlakatimizda o‘tkazilishi O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘zining xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini va bu boradagi har qanday xalqaro hamkorlik uchun ochiqligini yana bir bor isbotladi.
Muzaffar MAMATQULOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari