KORRUPTSIYA VA MILLIY TARAQQIYOT: MUAMMO VA YECHIM.

Korruptsiya keng qamrovli tushuncha boʼlib, u jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlari kundalik faoliyatiga aylanib, oʼzaro bir-biriga bogʼlanib, chirmashib ketganligidan koʼz yumib boʼlmaydi. Poraxoʼrlik va korruptsiya oʼzbek jamiyatining rivojlanishiga, xususan, demokratik yangilanish hamda modernizatsiyalash jarayoniga har jihatdan xalaqit bermoqda. 

Korruptsiya jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy taʼsir etadi. Fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, oʼz haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishiga sabab boʼladi. 

Korruptsiya - chegara bilmas “ajdaho”, u aldamchilik, poraxoʼrlik va pulni “yuvish”ning aniq “chizma” (sxema)laridan tashkil topgan. 

2021 yilda Korruptsiyani anglash indeksi boʼyicha Estoniya 15-oʼrinni, Gruziya - 48, Belarus - 82, Qozogʼiston - 103, Tojikiston - 153, Oʼzbekiston 143-oʼrinni egallagan.

Koʼplab ekspertlar “yashirin iqtisodiyot” hisobga olinganda, oʼrtadagi haqiqiy tafovut 25 - 40 marotaba ekanligini qayd etmoqda. Hozirgi kunda yashash minimumidan past darajada kun kechirayotgan kambagʼal aholi 15 foizdir. Bu masalada 2019 yildan boshlab katta siljish kuzatilgan, hatto butun bir vazirlik ishlayotgan boʼlsa-da, oʼrtadagi farqning kuchayib borishi jamiyat qatlamlarida turli fikrlarni paydo qilishi mumkin.

Milliy taraqqiyotga toʼsiq boʼlib kelayotgan korruptsiyani bartaraf etish yoʼlida dadil qadamlar tashlanmoqda. Eng asosiysi, korruptsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz boʼlmas ekan, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʼrnatmas ekan, bunga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz.

Singapurda pora olishdan bosh tortgan amaldorlarga mukofotlar tarqatiladi. Yaponiya davlat sektori xodimlarining vijdonliligi baholab boriladi. 

Xullas, davlat organlarida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurash boʼyicha chora-tadbirlarni joriy etish, aholining korruptsiyaga qarshi qarashlarini shakllantirish boʼyicha xalqaro tajribalar hech qachon zarar qilmagan.

Yaponlar ham, xitoyliklar ham, singapurliklar ham xalq ruhiyatini saqlab qolish, diniy qadriyatlarni mustahkamlash, vatanparvarlik mafkurasini ongga singdirish orqali milliy taraqqiyotga erishdi. Biz ham shu nurli yoʼldan yurishga munosib xalqmiz. Muxtasar aytganda, korruptsiya - taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tugʼdiruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʼlishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan boʼlamiz.

 

Sobir Kuliev,

Jizzax viloyat sudi sudyasi


Авторизация