JAMIYATNING ASOSIY TAYANCHI

Mustaqillikning qo‘lga kiritilishi xalqimizning oilaga bo‘lgan e’tiborini ma’naviy, madaniy, estetik madaniyatimiz bilan bog‘liq holda shakllanishiga keng imkoniyatlar yaratib berdi. Chunki har bir o‘spirin oila muhitida kamol topadi, uning kelajakda qanday shaxs bo‘lishi ana shu oila negizida aks etgan ma’naviy olam va estetik madaniyat bilan uzviy bog‘liqdir. 

Oilaning har bir shaxs hayotidagi rolini quyidagicha ta’riflash mumkin: “Bola tug‘ilgan kundan boshlab oila muhitida yashaydi. Oilaga xos urf-odatlar qadriyatlar bola zuvalasini shakllantiradi. Eng muhimi farzandlar oilada hayot maktabi orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi”.

Jamiyatning oila va oilaviy tarbiyaga bo‘lgan talabi kun sayin ortib bormoqda. O‘zbek oilasining dunyodagi boshqa oilalarga o‘xshash tomonlari ko‘p, lekin shu bilan birga, uning o‘ziga xos jihatlari ham yo‘q emas.

Oila g‘oyaviy immunitet hosil etishning qudratli vositasi bo‘lgan mafkuraviy ijtimoiy institutlardan biri hisoblanadi. Oilalarda insonlar har kuni fikr almashadilar, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy masalalarga o‘z munosabatlarini bildirib, individual va ijtimoiy ong muayyan yo‘nalish olishiga o‘z ta’sirlarini o‘tkazadilar. Oila o‘ziga xos ijtimoiy institut sifatida juda uzoq tarixiy davrni bosib o‘tish jarayonida takomillashib, sayqallanib va rivojlanib borishi natijasida ijtimoiy ahamiyati hamda vazifalari ham ortib boraveradi. Oila doimo rivojlanib boruvchi, takomillashuvchi, yangi mazmun, mohiyat bilan boyib boruvchi maskan. Dunyoda birorta inson o‘zini oilasiz tasavvur eta olmaydi.

Oila har qanday jamiyatning dastlabki asosi, negizi hisoblanadi. Demak, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar insoniy yoki g‘ayriinsoniy tomonga og‘ib ketishida oila o‘ziga xos o‘ringa ega ekanini nazarda tutishimiz lozim. Har mamlakat va mintaqada ma’lum bir tarixiy davr ruhi, avvalo oilaviy munosabatlarda o‘z ifodasini topgach, u ruh asosida, odamlarning muayyan maqsadga qaratilgan umumiy harakatini yuzaga keltiradi. Ana shu ruh mafkura orqali oilaga kirib boradi. Oila, uning asrlar mobaynida saqlanib kelayotgan muqaddas an’analari orqali yoshlarda Vatanga muhabbat, imon-e’tiqod, mas’uliyat, vatanparvarlik, insonparvarlik, ilmga ishtiyoq va madaniyat ko‘nikmalari shakllanadi. Zero, har bir fuqaro oilaning jamiyatdagi o‘rni va vazifasini, Vatanning ostonadan boshlanishini tushunmasdan turib, o‘zini mukammal inson deb his qila olmaydi.

Anvar O‘razov, 

 Jizzax politexnika instituti Transport fakulteti 114-23 guruhi talabasi

Baxti Rashidova,

Ijtimoiy fanlar kafedrasi

 katta o‘qituvchisi



Авторизация