TARBIYADA OILANING O'RNI QANDAY?

Ma'lumki, jamiyat yashab qolishi va rivojlanishi, moddiy va ma'naviy boyliklar yaratilishi uchun tarbiya kerak. Chunki tarbiya orqali o‘tmishning moddiy va ma'naviy boyliklariga avlodning vorisligi ta'minlanadi.

Tarbiyaning an'anaviy va zamonaviy turlari va usullari ko‘p. Lekin uning asosiy turlari ikkitadir: oilaviy va ijtimoiy tarbiya. Oila tarbiyasi - oilada ota-onalar, bobo-buvilar, katta yoshli qarindoshlar tomonidan bolalarni tarbiyalashdir. Ijtimoiy tarbiya - oila a'zolarining bir-birlariga munosabati, ota-ona va katta yoshli qarindoshlarning xulq-atvori, madaniy va siyosiy saviyasi, muomala madaniyati, oilaning daromadi, yashash sharoiti va boshqa omillardir. 

Oila odamlarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ma'naviy munosabatlariga asoslangan ijtimoiy birligidir. Oilaning ikkita asosiy vazifasi bor: birinchisi - o‘z nasl-nasabini davom ettirish, ya'ni farzandni dunyoga keltirish, ikkinchi vazifasi - shu nasl davomchisi bo‘lgan farzandlarni munosib, yetuk vorislar qilib tarbiyalashdir. O‘z farzandlarini katta oqimga - jamiyatga qo‘shish bilan oila jamiyat yo‘nalishi, iqtisodiyoti, madaniyati va ma'rifatini ham belgilashga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. 

Shuning uchun ham sharqda oila qadim-qadimdan muqaddas qo‘rg‘on hisoblanib kelingan. Xususan, o‘zbek oilalarining serildizlik, serbutoqlik xususiyatlari hozir ham saqlanib turibdi. O‘zbeklarda oilalarning muayyan turmush tarzi shakllanib hayotiy tajriba orttirib borishi, tejamli va sarishta ro‘zg‘or tutishi, farzandlari odobli, ma'naviy yetuk bo‘lib kamol topishida keksalar, ota-onaning roli katta. O‘zbek oilalari o‘zlarining mustahkamligi, saranjom-sarishtaligi, bolajonligi, qarindosh-qondoshlik rishtalarini hurmat qilishi, mehr-oqibatli va boshqa qadriyatlari bilan ajralib turadi.

Buyuk alloma Abu Ali Ibn Sino o‘zining "Tadbiri manzil" asarining katta bir bobini oila va oilaviy tarbiya masalalariga bag‘ishlagani bejiz emas. Ibn Sino oila boshlig‘i oldiga katta talablar qo‘ydi, farzandlarni bir biriga nisbatan mehribon qilib tarbiyalash haqida fikr yuritadi. Oiladagi yomon tarbiya faqat shu oilaning o‘zigagina salbiy ta'sir ko‘rsatib qolmasdan, boshqa oilalarga ham salbiy ta'sir qilishi mumkinligini, to‘g‘ri tarbiya oila baxtining muhim asosi ekanligini uqtiradi. Farzand tarbiyasini puxta, o‘ta sabr-toqat bilan qondira olgan ota-onaning farzandlari kelajakda oqil, mag‘rur, ilmli, o‘z Vataniga, zaminga sodiq bo‘lib yetishadi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bugungi globallashuv sharoitida o‘sib kelayotgan yosh avlodni turli yot g‘oyalar ta'siridan himoya qilish, azal-azaldan sharq xalqlarida oila atalmish muqaddas dargoh mavqeini saqlab qolish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy an'ana va qadriyatlarimizga bepisand munosabatda bo‘lmaslik, xalqimizga xos bo‘lgan sharm-hayo, ibo, nomus, iffat, sadoqat va vafo kabi muqaddas tushunchalarni singdirib borish har bir fuqaroni burchiga aylanmog‘i lozim. 


Ozod KARIMOV,

Jizzax politexnika instituti

Transport fakulteti 113-21 YM talabasi

Baxti RASHIDOVA, 

Ijtimoiy fanlar kafedrasi

katta o‘qituvchisi


Авторизация