Mamlakatimiz aholisining 40 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichning o‘ziyoq masala nechog‘li dolzarb ahamiyatga ega ekanidan darak beradi. Bu jarayonda ota-ona, mahalla, ta`lim muassasalari, keng jamoatchilik zimmasiga ulkan mas`uliyat yuklanadi.
Umuman olganda, mamlakatimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi barcha davrlarda ham o‘ta jiddiy va muhim masala hisoblangan. Shu jihatdan yoshlar, ayniqsa voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida turli ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, bu kabi noxush holatlarning oldini olish borasida hamkorlikda ishlash mexanizmining huquqiy asoslari yaratildi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi, bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi yoshlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni turli mafkuraviy tahdidlar va yot g‘oyalar ta`siridan himoya qilish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga yangicha yondoshuv bo‘ldi.
Ma`lumki, aynan o‘smirlar ham ijobiy, ham salbiy ta`sirlarga tez, oson beriluvchan bo‘ladi. Àyniqsa, ular o‘tish yoshida o‘zini ko‘rsatgisi, qobiliyatini namoyon etgisi keladi. Àgar maktabda, oilada bunga imkon topolmasa, qulay sharoitni ko‘cha-ko‘ydan izlashadi. Qarabsizki, jinoiy guruhlarga qo‘shilib qolishi ham hech gap emas.
Olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, katta yoshdagi jinoyatchilarning uchdan ikki qismi bolalik chog‘idayoq jinoyatga qo‘l urib ulgurgan bo‘ladi. Demak, bugun voyaga yetmaganlar o‘rtasida turli noxush xolatarni kamaytirmasak, ertaga umumiy jinoyatchilikning ko‘paymasligiga hech birimiz kafolat bera olmaymiz.
Voyaga yetmaganlarning jinoyat ko‘chasiga kirishiga sabab bo‘ladigan eng asosiy omillar sifatida oiladagi nobop muhit, moddiy yetishmovchiliklar, bolalarning nazoratsiz qolishi, OÀVlarda, filmlarda zo‘ravonlik, shafqatsizlikning targ‘ib qilinishi, ta`lim muassasalarida samarali profilaktik ishlar olib borilmasligi, voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etilmaganligi hamda kattalar orasida giyohvandlik va ichkilikbozlikning avj olishini ko‘rsatish mumkin.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida noxush holatlar kelib chiqishining oldini olishda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan yoki voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida saqlangan bolalarni ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga sifatli va samarali yordam berishda ichki ishlar idoralarining inspektor-psixologlari hamda ta`lim muassasalaridagi psixologlarning o‘rni muhim ekanligi sir emas.
Shu tufayli o‘smir nima sababdan jinoyat ko‘chasiga kirib qolganini tushunish, eng avvalo, uni qurshab olgan ijtimoiy muhit, shart-sharoit va uning o‘smir shaxsiga qanday ta`sir etganligini tahlil qilish lozim. Ichki psixologik sabablar, noto‘g‘ri xulq-atvor, bolada hayotiy maqsadlarning mavjud emasligi, oilada tarbiyaning yaxshi emasligi kabi ko‘rinishlar bolada o‘ta salbiy yoki jinoyatchilik xulqining shakllanishiga imkoniyat yaratib beradi.
Sharq pedagogikasiga ko‘ra, ta`limni tarbiyadan ajratib bo‘lmaydi. O‘qituvchi o‘quvchiga bilim barobarida odob-axloqdan, odamiylikdan ham saboq berishi kerak. Lekin bu ota-ona zimmasidagi mas`uliyatni aslo soqit qilmaydi. O‘z mas`uliyatini unutgan ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z qaramog‘idagi voyaga yetmaganlarni ta`minlash, tarbiyalash va unga ta`lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki bu vazifani lozim darajada bajarmaslik holatlari afsuski, hayotda uchrab turibdi.
Xulosa qilib aytganda, farzandlarimizni sog‘lom va komil inson qilib o‘stirish va tarbiyalash, ularning sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitni yaratib berish, bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishi uchun hamkorlikda samarali ish olib borsak, har tomonlama bilimli, yuksak ma`naviyatli yoshlarimiz istiqbolda mamlakat va xalqimiz hayotining rivojlanishi uchun bor kuch-g‘ayrati va salohiyatini ayamaydi.
Nigora Muxtarova,
Jizzax shahar hokimligi Bolalarni himoya qilish sho‘basi mudiri