Shahar hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda murojaatlar bilan ishlash holatiga tanqidiy baho berildi. Ta`kidlanganidek, hududda murojaatlarga o‘z vaqtida va asosli javob qaytarishda takror murojaatlarning ko‘pligi, aholining huquqiy bilimi yetarli emasligi holatga qoniqarsiz tus berayapti.
Raqamlarga murojaat etsak, murojaatlar asosan, subsidiya, maktabgacha ta`lim tashkilotiga elektron navbat borasida yo‘llanayotganligi aniq bo‘ldi.
- Joriy yilning 10 oyi davomida Jizzax shahar aholisidan virtual va Xalq qabulxonalariga ipoteka krediti badali ya`ni subsidiya olish bo‘yicha 132 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ulardan 52 tasi ijobiy hal etilgan. 74 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berish orqali yechim topilgan, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri Ilhom Hazratqulov. - 2023-yil yanvar-oktabr oylarida subsidiya bo‘yicha qilingan murojaatlarning 1 tasi rad etilgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: subsidiya kimlarga, qanday ijtimoiy mezonlar asosida beriladi?
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 9-bandiga asosan hududlarda qurilgan birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olishga yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilishga ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya to‘lanadigan talabgorlar komissiya va mas'ul tashkilotlar tomonidan qonuniylik, shaffoflik, adolat va haqqoniylik tamoyillari asosida tanlanadi, - deydi sahar adliya bo‘limi boshlig‘i Musaxon Asatullayev. - Mazkur Nizomning 34-bandiga asosan ariza beruvchi yoki oilaning o‘rtacha oylik daromadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda - MHTEKMning 2,7 baravaridan kam va 8,0 baravaridan yuqori, Toshkent shahrida MHTEKMning 2,7 baravaridan kam va 9,2 baravaridan yuqori bo‘lganda ham rad etilishi mumkinligi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi "2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashning amaldagi tartibiga 2023-yil 1-maydan bir qator o‘zgartirishlar amalga oshirildi. Jumladan, uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha berilgan subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilandi va joriy yilning 1-mayidan 1-dekabrigacha qabul qilinadi. Qonun talabiga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazi, komissiya hamda mas'ul tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (ERI) majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo o‘zaro elektron bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi. Mas'ul tashkilotlar yetti ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini taqdim etilgan hujjatlar asosida tashkilotlarda mavjud ma'lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqadi. Agar ariza beruvchining va uning turmush o‘rtog‘ining o‘rtacha oylik daromadlari miqdori yuqoridagi Nizomda ko‘rsatilgan me'yorlardan kam bo‘lsa, uning daromadlari hisob-kitobiga ularning turmush qurmagan farzandlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin. Shu narsani alohida ta'kidlash lozimki, hozirgi kunda adliya organlari tizimidagi davlat xizmatlari markazlari fuqarolarning subsidiya bo‘yicha arizalarini tizim orqali kiritib beradi va tegishli Komissiyaning xulosasini murojaat muallifiga taqdim etadi. Biroq, joylarda subsidiyani adliya yoki DXM hal qiladi degan noto‘g‘ri tushuncha bor. Chunki, subsidiyani berish-bermaslik kollegial tartibda hal etiladi.
Mamlakatimizda bolalarni maktabgacha ta`limga qamrab olish darajasini oshirish ham diqqat markazidagi masalalardan biri sanaladi. Shu bois tizimni ochiq, oshkora va shaffof tizimga aylantirish maqsadida bolalarni davlat maktabgacha ta`lim tashkilotiga joylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Bolalarni davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma`muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2018-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha ta`lim tashkilotiga navbatga qo‘yish davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi belgilandi.
- Garchand elektron navbat shakllantirilib, navbat ota-onalar tomonidan kuzatib borilsa, jarayon bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmoqda, - deydi shahar maktabgacha va maktab ta`limi bo‘limi Ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash bosh mutaxassisi Asqar Mahmudov. - Bolaning umumiy navbatdagi o‘rni (barcha yoshli bolalar orasida ariza berilgan sanaga muvofiq joylashuvi) va yosh bo‘yicha navbatdagi o‘rnini (bolaning yoshiga teng bo‘lgan bolalar orasida ariza berilgan sanaga muvofiq joylashuvi) ko‘rish mumkin. Bunda, yoshi bo‘yicha navbat faqat navbat tekshirilgan kun holatiga aktual hisoblanib, navbatda turgan bolaning yoshi o‘zgarganda umumiy navbatdagi o‘rni o‘zgarmagan holda, o‘zining yoshiga teng bolalar orasida ariza berilgan sanaga muvofiq joylashishi sababli bolaning yosh bo‘yicha navbatdagi o‘rni tepaga yoki pastga siljishi mumkin. Yil boshidan buyon shahar maktabgacha va maktab ta`limi bo‘limiga navbati kelmayotganligi sababli 51 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 30 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 21 ta murojaatga huquqiy ma'lumot berilgan.
Muxtasar aytganda, murojaatlar bilan ishlash aholi muammolariga yechim topish va xalq bilan muloqotning eng samarali usuli sanaladi. Qisqa fursatda mazkur tizim eng maqbul yo‘l sifatida samaralarini berib boshladi. Kelgusida ham murojaatlar bilan ishlash tizimi yanada rivoj topib, davlat va xalq o‘rtasidagi muloqotning mustahkamlanishiga zamin yaratadi.
Gavhar SAYDULLAYEVA suhbatlashdi