Bugun o‘zbek tilining nufuzini oshirish bo‘yicha ko‘p gapirilmoqda, amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Biroq hali oldinda qilinadigan ishlar ham talaygina.
Ona tilimizning har tomonlama rivojlanishi, uning jamiyatning barcha sohalarida haqiqiy davlat tili maqomiga erishishiga davlat rahbari tomonidan shunday e’tibor qaratilayotgan ekan, jamiyatning barcha ziyoli qatlami bunga befarq bo‘lmasligi kerak. Jumladan, xorijliklar uchun o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro olimpiadalar tashkil etish, g‘olib va sovrindorlarni pul mukofotlari bilan taqdirlash, shu bilan birga, filologiya yo‘nalishlariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish taklifi esa xorijda ham o‘zbek tilini keng targ‘ib qilinishiga, boshqa tillar kabi ommalashishiga xizmat qiladigan muhim qadam deb hisoblaymiz.
Muxtasar aytganda, yurtboshimiz ta`kidlaganidek, “...har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.
Inomjon AZIMOV,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili va
adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish
markazi direktori