INSON ONGIGA XUJUM

Àxborotga bo‘lgan ehtiyojning qondirilishi ijobiy holat, ammo hech qanday asosga ega bo‘lmagan, bir qarashda beozorgina bo‘lib ko‘ringan, lekin maqsad-muddaosi g‘arazli bo‘lgan axborotlarga tarmoq foydalanuvchilarining aldanib qolayotganligi tashvishlanarlidir.

Har qanday siyosiy qarashlarni o‘zgacha talqinlashtiruvchi, turli ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi axborotlar o‘ziga xos ta`sir etish imkoniyatiga egaki, bu "aldamchi jilvalanishlar"ga ko‘p hollarda, aqliy va ma`naviy jihatdan hali to‘la shakllanib ulgurmagan yoshlar "maftun" bo‘lib qolmoqda. Hatto, bunday g‘arazli maqsadlar o‘z tabiati bilan ezgulikka xizmat qilishi kerak bo‘lgan san`at asarlari (kino, musiqa, qo‘shiq va shu kabilar) zamiriga ham singdirib yuborilmoqdaki, bu kabi "kadr ortidagi maqsad"ni anglash uchun insonlarda real mavjud "axborot xurujlari"ga qarshi immunitet shakllangan bo‘lishi lozim.

Internetdan foydalanuvchilarning aksariyati "Instagram", "Facebook", "Twitter", "TikTok" kabi tarmoqlarda o‘z profillariga ega. Biroq keyingi yillarda mazkur tarmoqlarning yoshlar tarbiyasiga salbiy ta`sir ko‘rsatayotgan jihatlari ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Jamoatchilik fikrlarini o‘rganish maqsadida "Ijtimoiy tarmoqlar insonlar hayotida qanday o‘rin tutadi?" savoli ostida so‘rovnoma o‘tkazdik.

Respondentlarning 48 foizi ushbu tarmoqlar do‘stlar orttirish, manfaatli tanishuvlar uchun kerak degan fikrni ma`qullagan bo‘lsa, 52 foizi tarmoqlarning yoshlar odob-axloqi borasida jiddiy salbiy holatlar keltirib chiqarayotganini tan olishgan.

Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish uchun quyidagi ishlarni yo‘lga qo‘yish lozim:

-axborot xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish, xususan, alohida qonun hujjati qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish;

-milliy axborot makonimizni aholining qiziqishini inobatga olgan holda jarayonlarni obyektiv yorituvchi mahalliy va xorijiy axborotlar bilan muntazam to‘ldirib borish;

-ta`lim muassasalarida axborot xavfsizligini ta`minlash, xususan, axborot xurujlari, uning shakl va ko‘rinishlari, maqsadi va salbiy oqibatlari borasida maxsus kurslar tashkil etish;

-barchaning, xususan, yoshlarning internetdan foyda-lanish madaniyatini oshirish, undagi har qanday axborotni tafakkur va tahlil qilib, so‘ng xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz zarurdir. 


Àlisher Oripov, 

Shavkat Ro‘zmetov,

 "Milliy tiklanish" demokratik 

partiyasi faollari



Авторизация