Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari binosida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari hamda respublika aerogeodeziya markazi Jizzax viloyati hududlararo bo‘linmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Kadastr agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan kuchaytirilgan targ‘ibot tadbirlari davomida viloyat hududida yerlarni noqonuniy egallash holatlari aniqlanib, ularni bartaraf qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2024-yilning olti oyi davomida viloyat bo‘yicha 1911 ta holatda 630,1 gektar yer maydoni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda qurilish qilish holatlari oshkor bo‘ldi. Shundan o‘zboshimchalik bilan egallangan 922 ta holatda 469,2 gektari uy-joy qurish, bunda 431 ta holatda 424,15 gektari tomorqa sifatida foydalanish, 656 ta holatda 10,6 gektari noturar binolar, 3 ta holatda 0,07 gektar ko‘p yillik daraxtzorlar barpo qilish, 330 ta holatda (yo‘l, ariq, zovur va hokazo) maqsadida egallanganligi aniqlandi.
- Bugunga qadar aniqlangan qonunbuzilish holatlarining barchasida boshqarma va uning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan yozma ko‘rsatmalar berilib, ushbu ko‘rsatmalar natijasida 1307 ta holatda 328,4 gektar yer maydoni qonunbuzilish sodir etgan shaxslar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilishi ta’minlandi, - deydi Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurali Mamasiyayev. - Jumladan, Zafarobod tumanida olib borilgan nazorat tadbirlari chog‘ida “Yorqin” SHFY hududida fuqaro tomonidan 150 kv.m yer o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy uy-joy qurib olgani aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan MJtKning 60-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib fuqaroga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida jarima jazosi qo‘llanildi va ushbu noqonuniy qurilmasini 15 kun muddatda buzib yer maydonini asl holiga qaytarish yuzasidan yozma ogohlantirish xati berildi.
Ta’kidlanganidek, bu kabi qonunbuzilish holatlari Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida ham aniqlanib, ularni sodir qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Aytish lozimki, fuqarolarimizning ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabi kun sayin ortmoqda. Shu jihatdan Yer fondining toifalari, turlari va yerdan foydalanuvchilar bo‘yicha taqsimlanish hamda undan foydalanishi to‘g‘risidagi Milliy hisobotni yuritilishini ta’minlash, aholimizga kadastr sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish, yer va bino inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish har kungidanda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatdagi 1 898 883 gektar yer maydonining elektron xaritasi yaratildi. Shundan 1 781 676 gektar yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi. Aytish lozimki, ilgari yer balansi hisobotlari faqatgina qog‘oz jadvallaridagi raqamlarda yuritilganligi bois tegishli o‘zgartirishlarni kiritib borish inson omiliga bog‘liq bo‘lgan. “Uzkad” yagona integratsiyalashgan dasturda esa yer maydonlarining bo‘linishi, chegaralari va yerga oid barcha ma’lumotlar elektron xaritalarda shakllantirilganligi, barcha yerdan foydalanuvchilarning huquqlari kafolatlanganligi, yer va mulk soliqlarining hisoblanishi va to‘lanishida shaffoflik tamoyillari ta’minlanganligi kabi ijobiy natijalari mavjud.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik fuqarolarga BHMning 10 baravari, mansabdor shaxslarga esa 15 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Respublika aerogeodeziya markazi Jizzax hududlararo bo‘linmasi 2022-yil Kadastr agentligi Respublika aerogeodeziya markazi tasarrufida tashkil qilingan. Mazkur bo‘linma 2024-yilning 1-yarim yilligida Kadastr agentligi tomonidan 10 komplekt GPS planshet (A6001P yerlarni o‘lchash uchun) 2 komplekt GPS pryomnik (CHCNAV_i90), 1 komplekt elektron taxeometr (LEICA TS 07) o‘lchash qurilmalari bilan ta’minlandi. Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida Geodeziya va topografiya ishlari bo‘yicha korxona va tashkilotlar bilan 17 ta shartnoma tuzilib, 1562.1 gektar yer maydonida topografik syomka ishlari amalga oshirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Davlat geodeziya punktlari ma’lumotlari bilan ta’minlashni raqamli texnologiyada amalga oshirish maqsadida respublikamizning aholi punktlarida 50 ta doimiy ishlab turuvchi GNSS kuzatish stansiyalari real vaqt rejimida geodeziya ma’lumotlarini uzatib kelmoqda. Jumladan, ushbu GNSS stansiyalarning Jizzax viloyatida 5 tasi ya’ni Zomin, Sharof Rashidov, Do‘stlik, Forish, G‘allaorol tumanlarida hamda Sirdaryo viloyatida 3 tasi Guliston shahri, Bayovut, Sirdaryo tumanlarida mavjud bo‘lib, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yana 9 ta stansiya o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Bu xizmat turi to‘liq ishga tushirilgach viloyatimizda geodeziya ishlarini bajaruvchi tashkilotlar punktlardan foydalanib o‘lchashga ketgan vaqt va sarf-xarajatlari bir necha barobar qisqaradi. Hozirgi kunda Respublika bo‘yicha geodeziya va topografiya ishlarida ushbu xizmat turidan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 34 ta GPS qurilmalaridan tashkilot va tadbirkorlar foydalanib kelmoqda.
G. SAYDULLAYEVA