SOLIQ ISLOHOTLARI VA MA'MURCHILIK

Mamlakatimiz taraqqiyotini yuksak bosqichga ko‘tarishning mustahkam asosi bo‘lgan iqtisodiyotning rivojlanishi uchun barchaga teng va erkin raqobat sharoitini yaratishga qaratilgan soliq islohotlari Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra 2018-yilda yangi soliq konsepsiyasini qabul qilinishi bilan boshlangan edi.

Soliq konsepsiyasi xalqaro sinovlardan o‘tgan tajribalarga tayangan holda qabul qilindi va Soliq kodeksida aksini topdi. Sohadagi o‘zgarishlar dunyoning nufuzli iqtisodiy tashkilotlari va xalqaro moliya institutlari ekspertlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgani xalqimizni bugunidan rozi qilishdek maqsadimizning muhim omil-laridan biri bo‘ldi. 

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", degan ezgu g‘oya zamirida soliq organlarini "Soliqchi - ko‘makchi" tamoyili asosida soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi idoraga transformatsiya qilish jarayoniga start berildi.

Bu yangi institutning joriy etilishi qanchalik muhim va ahamiyatli ekanligini, tadbirkorning aybini qidirib, jazolash emas, aksincha u bilan yelkama-yelka turib muammolarini hal etish va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishni ta`minlashga qaratilganini biznes vakillari ham his qilmoqda. 

Soliq stavkalarining bosqichma-bosqich kamaytirib borilishi ham so‘nggi yillardagi soliq islohotlarida muhim o‘rin tutadi. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘i 2019-yil 1-oktabrdan boshlab 20 foizdan 15 foizga, 2023-yil 1-yanvardan esa 12 foizga kamaytirildi. Shuningdek, islohotlar doirasida molk-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari ham kamaytirildi. Soliq yukining qisqarishi soliq to‘lovchilar soni va byudjetga soliq tushumlarining oshishiga ijobiy ta`sir ko‘rsatmoqda. 

2023-yil 1-oktabr holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslarning umumiy soni 574,7 mingtani, shundan tijorat tashkilotlari 5078 mingtani, byudjet tashkilotlari 295 mingtani, shuningdek, notijorat tashkilotlar 37 mingtani tashkil etdi.

Soliq to‘lovchilarga elektron xizmatlarni ko‘rsatish sifatini oshirish va axborot tizimlari hajmini kengaytish maqsadida Soliq qo‘mitasi ma`lumotlarni qayta ishlash markazi bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar elektron hisobvaraq-faktura, elektron shartnoma, onlayn nazorat-kassa texnikalari, raqamli markirovka, mahsulotlarning yagona elektron milliy katalogi va boshqa ko‘plab elektron xizmatlardan foydalanmoqda. 

Joriy yilning 26-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda mahallarda faoliyat olib borayotgan "beshlikka" soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan "mahalla yettiligi" bo‘lishi belgilandi. Mahallalarda soliq organlari faoliyati axborot tizimi ishlab chiqilib, tadbirkorlarning kundalik muammolarini hal etish bo‘yicha mahallabay ishlashning yangi instituti joriy etildi. 

Bu borada prokuratura organlari tomonidan soliq qonunchiligini aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazorat o‘rnatish orqali soliq idoralarida Qonun ustuvorligi ta`minlanayotganligining ham alohida ahamiyati bor. Xususan, soliq idoralari xodimlari bilan o‘tkazilayotgan davra suhbatlari, seminar va yig‘ilishlarda amaldagi qonunchilik talablarini tushuntirish orqali xodimlarning huquqiy bilimi oshirib borilmoqda.

Chunonchi, prokuratura organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida soliq qonunchiligiga amal qilinishini nazorat qilish borasida 458 ta o‘rganishlar o‘tkazilib, 9568 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi va ularni bartaraf etishga qaratilgan 2651 ta prorkuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi. Jiddiy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 41 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, umumiy hisobda 6669 ta haq-huquqi buzilgan soliq to‘lovchilarning huquqlari tiklandi.

Prokuratura va soliq organlari bilan hamkorlikda soliq tizimini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish borasida tadbirlar o‘tkazilib, samaradorlikka erishilmoqda.


I.Xaldanov,

D.Turayev,

Bosh prokuratura boshqarma prokurorlari



Авторизация