YERLARNI NOQONUNIY O’ZLASHTIRISHGA ASLO YO‘L QO‘YILMAYDI!

Yer azaldan xalqning eng asosiy va bebaho boyligi hisoblanadi. Keyingi yillarda xalqimiz hayoti, faoliyati va farovonligining asosi bo‘lgan yerdan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlari muhofaza qilinishini ta’minlash, ularning me’yoriy qiymati hamda sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash ustuvor vazifalardan biriga aylanganining boisi ham shundan.

Ammo yer resurslarini talon-taroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy sotish kabi yillar davomida saqlanib kelayotgan kamchiliklar bor. Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan hududlarda yer va kadastr nazorati borasida joriy yil 1 may holatiga viloyat bo‘yicha 1027 holatda jami 364 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan. Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan muammoni bartaraf etish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berilib, 693 ta holatda 219 gektar yer maydonlarida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari joyida bartaraf etilib, yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 2-qismida “Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish” fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Ushbu moddaning 3-qismida esa “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish” uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, mansabdor shaxslarga esa 300 baravari miqdorida jarima solinishi qat’iy belgilangan.

Yerga oid qonunbuzilishi holatlari har doim ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Shunday holatlar borki, ularda yer bilan bog‘liq jinoyat alomatlari kuzatiladi. Misol uchun, sug‘oriladigan yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, unda qurilish qilganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Sug‘oriladigan yerni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda o‘zgaga berish uchun ham jinoiy javobgarlik bor. Agar ushbu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llaniladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yerlarni noqonuniy o’zlashtirishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Bu masala bilan bog‘liq munosabatlar tenglik va ochiqlik asosida amalga oshiriladi.

Nodir Sidikov,

Kadastr agentligi

Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i


Авторизация