MIULK TUSHUNCHASI

Àshyolar deganda, moddiy-jismiy substansiya-ga ega bo‘lgan qattiq, suyuq, gazsimon holatdagi narsalar anglashiladi. Bu jonli va jonsiz tabiat obyektlaridir. Bunda ashyolar inson hamda jamiyat uchun ochiq bo‘lib, shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslarining fuqarolik huquqlari obyekti sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Fan va texnika rivojlanib borgani sayin fuqarolik huquqlarining bunday obyektlari tobora ko‘payib bormoqda.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning obyekti - mulk tushunchasi to‘g‘risida shuni aytish kerakki, ba`zi hollarda ashyo, narsalar mulk deb atalsa ham, mol-mulk atamasining ma`nosi birmuncha keng bo‘ladi.

Mol-mulk deyilganda, ma`lum shaxsga (fuqaro yoki tashkilotga) egalik huquqi bilan tegishli ayrim ashyolar yoki ashyolarning yig‘indisi nazarda tutiladi.

Mol-mulk tarkibiga majburiyat huquqi, mualliflik va ixtirochilikka oid mulkiy huquqlar, oila huquqi bilan bog‘liq bo‘lgan majburiyatlardan kelib chiqadigan mulkiy talablar, qarz berilishida olingan tilxatlar ham kiradi. Demak, mol-mulk bu huquqiy munosabatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 83-moddasiga asosan mol-mulk ko‘chmas va ko‘char mulkka bo‘linadi.

Ko‘chmas mulk yer uchastkalari va yer osti boyliklari, ko‘p yillik dov-daraxtlardan iborat. Ko‘chmas mol-mulk bilan bog‘liq huquqlarga ega bo‘lish yoki bekor qilinishi kodeksning 84-moddasida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. 83-modda, 3-qismiga ko‘ra, qonunda boshqa mol-mulk ham ko‘chmas mol-mulk qatoriga kiritilishi mumkin. Shunga binoan, Vazirlar Mahkamasining 1995-yildagi 478-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan binolar va inshootlarni baholash, qayta baholash to‘g‘risida”gi Nizomda turar joylar, kvartiralar, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari a`zolarining bog‘ uychalari, garajlar va boshqa imoratlar hamda inshootlar ham jismoniy shaxslarning mol-mulki hisoblanadi.

Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq asosiy xususiyat shundaki, u yer bilan bog‘liq bo‘lib, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish natijasida o‘z xususiyatini yo‘qotadi. 

Vazifasiga va tayinlanish maqsadiga zarar yetkazmagan holda bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan mol-mulk ko‘char mulk jumlasiga kiradi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari ko‘char mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.

Jamila XÀLIMOVÀ,

FIB Jizzax tumanlararo sudi sudyasi


Авторизация