MА’MURIY SUDLАRGА MUROJАT QILISH TАRTIBLАRI

Àriza yoki shikoyat sudga yozma shaklda beriladi va arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Àrizada ariza berilayotgan sudning, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, pochta manzili yoki yashash joyi, arz qilingan talablarga asos bo‘lgan holatlar, arz qilingan talablarning asoslarini tasdiqlovchi dalillar, arizachining qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, talab bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar, ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati ko‘rsatilishi kerak.

Àrizaga (shikoyatga) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini, arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga yuborilganligini, arz qilingan talablarga asos bo‘lgan holatlarni, arizani (shikoyatni) imzolash vakolatini, agar u vakil tomonidan imzolangan bo‘lsa tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Ma`muriy organlar hamda mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari yoki harakatsizliklari ustidan sudga murojaat etish muddatlari quyidagicha belgilangan:

- agar qonun hujjatlarida boshqa muddatlar belgilanmagan bo‘lsa, ariza yoki shikoyat manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ma`lum bo‘lgan paytdan e`tiboran olti oy ichida sudga berilishi mumkin.

- davlat ijrochisining qarorini haqiqiy emas, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza o‘n kun ichida sudga berilishi mumkin.

Shuningdek, ariza yoki shikoyat berishning uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin.

Protsessual muddatlar o‘tkazilib berilgan arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlar, agar o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma bo‘lmasa sud tomonidan ko‘rib chiqilmaydi va ularni bergan shaxslarga qaytariladi.

O‘tkazib yuborilgan protsessual muddat quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lgandagina tiklanishi mumkin:

1) agar ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan protsessual muddatni tiklash to‘g‘risida iltimosnoma berilgan bo‘lsa;

2) agar iltimosnomada ko‘rsatilgan muddatni o‘tkazib yuborish sabablari uzrli deb topilgan bo‘lsa;

3) agar ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan iltimosnoma bilan bir vaqtda zarur bo‘lgan protsessual harakatlar (ariza, shikoyat, protest berilsa, dalillar taqdim etilsa va boshqalar) amalga oshirilsa.

Àriza, shikoyat (protest)ni berishning o‘tkazib yuborilgan protsessual muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor etmasdan, sudyaning yakka o‘zi tomonidan ariza, shikoyat (protest)ni ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi masala bilan bir vaqtda ko‘rib chiqiladi. Iltimosnoma qanoatlantirilib, muddat tiklangan taqdirda yoki tiklash rad etilganda, bu haqida ariza, shikoyat (protest)ni ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi sud ajrimida ko‘rsatiladi. 

À.Sayfitdinov,

viloyat ma`muriy 

sudining sudyasi



Авторизация