Jizzaxda bir oy davomida aholini kiberjinoyatlardan qanday himoyalanishi yuzasidan o‘tgan oylik nihoyasiga yetdi.
Viloyatimizda joriy yil iyun va iyul oylarida kiberjinoyatchilikni oldini olish va fuqarolarni kibertahdidlardan ogoh qilishga yo‘naltirilgan “Cyber month” oyligi o‘tkazildi va barcha sohalarni, aholining faol qismini qamrab oldi.
Oylik doirasida o‘tkazilgan anjumanlarda korxona va tashkilotlar ishchi xizmatchilari, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari xodimlari, mahalla fuqarolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, yoshlar va blogerlar faol ishtirok etishdi.
Har bir ishda targ‘ibot muhim o‘rin tutadi. Shu o‘rinda 11 ta yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovi aholining tushunchalarini orttirishda, ogoh bo‘lishda katta ahamiyat kasb etdi.
Jizzax shahridagi kibersport arenasida ushbu oylik yakuni hamda oylikda faol qatnashgan targ‘ibotchilarni rag‘batlantirish maqsadida tadbiri tashkil etildi.
Jizzax viloyati hokimligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda so‘z olganlar so‘nggi yillarda viloyatda fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
- Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024- yil 21-fevraldagi Farmonining 4-ilovasi 30-bandi ijrosi yuzasidan viloyatda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlarini o‘tkazish belgilanganligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning tartibga solinishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari A.Savurboyev.
Eslatib o‘tamiz, ikki yildan buyon viloyatimizda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbir davomida 11 ta yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovi aholining tushunchalarini orttirishda, ogoh bo‘lishda katta ahamiyat kasb etganligi e’tirof etilib, g‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-iyul holatiga Jizzax viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga bank kartalari bilan bog‘liq 548 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 207 taga (341 / 548) ko‘paygan.
Sodir etilgan holatlar oqibatida fuqarolarga jami 2 mlrd. 199 mln. so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Shundan hozirga qadar, 1 mlrd. 18 mln. so‘mi undirilgan bo‘lsa, 1 mlrd. 181 mln. so‘mi undirilmasdan qolmoqda.
Murojaatlar tahlil qilinganda murojaatchilarning 28 foizi o‘qituvchilar, 21 foizi talabalar, 11 foizi sog‘liqni saqlash xodimlari hamda 40 foizi boshqa (pensionerlar, bola puli, aliment oluvchilar va boshqalar) soha vakillarini tashkil etgan.
Bu yilgi “Cyber month” oyligi doirasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida mazkur yo‘nalishda murojaatlar soni joriy yilning yanvar – may oylariga nisbatan iyul oyiga kelib, 70 foizga kamayishiga erishilgan.
Xususan, may oyida 181 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, iyul oyida murojaatlar soni 40 tani tashkil etdi.
Firibgarlik bilan bog‘liq, ya’ni fuqarolar kiber firibgarlarning aldoviga uchib, soxta bank kartalariga pul o‘tkazib berish bilan bog‘liq murojaatlar iyul oyida qayd etilmagan.
Lekin, fuqarolarning o‘zini xabardor qilmasdan o‘g‘rilik yo‘li bilan, telegram messenjeri orqali tarqalayotgan virus va soxta qo‘ng‘iroq bilan bog‘liq murojaatlar soni kamayishiga erishilganiga qaramasdan, bugungi kunda ham bu bilan bog‘liq murojaatlar mavjud.
Bu o‘z navbatida shuni ko‘rsatadiki, soha mutaxassislari bilan birgalikda joylarda targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, aholini keng jalb qilgan holda sodda va tushunarli tarzda uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini anglatadi.
(O‘z muxbirimiz)