Olimlar dunyo xalqlari 5621 ta til va shevada muloqot qilishlarini aniqlashgan. Har uch tildan birining yozuvi yo‘q, faqat og‘zaki nutqda foydalaniladi. 40 tasi og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib bo‘lgan, deb hisoblanadi, ularning ichida o‘zbek tili ham bor.
Ajdodlarimiz tilni fikr yetkazuvchi vosita deb bilganlar va so‘zlashuv madaniyatiga alohida e’tibor qaratganlar. “Yaxshi so‘zga ham, yomon so‘zga ham farishta omin deydi”, degan naql shundan qolgan bo‘lsa ajab emas.
Oila, ko‘cha-ko‘y, jamoat joylarida eng avvalo shu xazina, ne’matga murojaat etamiz. Ammo, “Gapning qisqasi yaxshi, qisqasidan – hissasi”, degan o‘gitga har doim ham amal qilavermaymiz. Davra, yig‘inlarda hech kimga gap bermaydigan “dono”lar, afsus, hamma joyda mavjud. “Ko‘p gap eshakka yuk”, degan gap bejizga aytilmagan, zero ko‘p gap mavzusi albatta bizni g‘iybat, bo‘hton botqog‘iga botirib borayotganini sezmay qolamiz.
“So‘z doriga o‘xshaydi, ortiqchasi zarar keltiradi”, “So‘z botirligi – tilda, er botirligi – belda”, “Dono so‘zini, nodon ko‘zini tergaydi” kabi maqollar bekorga to‘qilmagan.
Hayoti, turmushi yovvoyi tabiat, borliq bilan uyg‘unlashib ketgan qadimgi hindular asosan imo-ishoralar bilan gaplashar edilar. Ular keraksiz, noo‘rin aytilgan so‘z borliq muvozanatini buzadi, deb qattiq ishonganlar. Gvineya davlatidagi mahalliy Taki tilida hozirda bor-yo‘g‘i 340 ta so‘z bor ekan.
O‘zbek adabiy tilining izohli lug‘atida 60000 ta so‘zning ma’nosi bayon etilgan. Tilimizning nihoyatda boyligi bizning so‘z ustasi ekanligimizni, xohlagancha vaysashimizga ruxsat berilganini anglatmaydi. Davralarda hech kimga gap bermaydigan aksariya mahmadonalarning so‘z boyligi mingtadan oshmasa kerak, deb o‘ylayman. Bu borada ham dono xalqimizning, “So‘zi so‘zga o‘xshamas, og‘zi so‘zdan bo‘shamas”, “So‘z maydonida sheri nor bo‘lguncha, ish maydonida ijodkor bo‘l!”, “Gap bilan o‘roq o‘rish oson” kabi purhikmat maqollarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Biz nima uchun kitob o‘qishni targ‘ib qilamiz, uni yaxshi ko‘ramiz, e’zozlaymiz? Sabab shuki, kitobga bitilgan so‘z, fikr, ma’no-mazmun, mantiq, g‘oyalar muallifning uzoq muddatga cho‘zilgan izlanishlari, to‘plagan bilimlariga tayanib hosil qilgan mulohaza-yu mushohadalari, zahmatli mehnatlari mahsulidir.
Muomala madaniyatida so‘z asosiy o‘rinni egallaydi. El ichra obro‘-e’tiborimiz, mavqemizning belgilanishida yurish-turishimiz, faoliyatimizdan tashqari og‘zimizdan chiqqan so‘zimizning ham xizmati benihoyadir.
Ona tilimizning ma’nodosh so‘zlarga boy zahirasi, nuktadon ajdodlarimizning so‘zlashuv madaniyatiga taalluqli o‘git-u, nasihatlari, maqol, naql, matallari turmushda fikrlarimizni aniq-tiniq bayon eta olish, mazmunli, o‘zaro chiroyli so‘zlashuvimiz uchun juda asqotadi. Irod qilayotgan fikrlarimizning har doim nisbiyligini nazarda tutishimiz hushyorligimizni oshiradi, ko‘proq sukut saqlab turishimiz ma’qulligiga ishora qiladi.
So‘z inson kabi jon, ruh, vujudga ega, deyishadi buyuk zotlar. Shunday ekan, jon, ruh va moddiyatni o‘zida mujassamlagan SO‘Z biz olayotgan nafasimiz, tanlab kiyadigan kiyimimiz, ichayotgan suvimiz, saralab yeydigan taomimizdan-da ulug‘roq ne’mat ekanligi ayonlashadi.
Is'hoq ISMOILOV