Kunlar sovishi bilan odamlar turar-joylarini isitish dardiga tushib qoladi. Hovlilarda alohida isitish tizimi mavjudligi sabab, har kim o‘z xohishiga ko‘ra yoqish mumkin. Ko‘p qavatli turar-joylarda ham belgilangan muddatda isitish tizimi ishga tushiriladi.
Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida, joriy yilning 1-no-yabridan boshlab, tabiiy gaz uchun o‘rnatilgan ijtimoiy norma miqdori oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni maishiy iste’molchilar (aholi xonadonlari) uchun 1-no-yabrdan 1-martgacha (isitish mavsumida) tabiiy gaz uchun 500 kub metrlik ijtimoiy norma amal qiladi. Bunda norma doirasidagi har bir kub metr gaz 650 so‘mdan, normadan oshiqcha ishlatilgani esa 1500 so‘m va undan yuqori tariflarda hisob-kitob qilinadi.
Sir emaski, respublikamizning ko‘plab olis hududlariga tabiiy gaz yetib bormagan. Ular uy-joylarini isitish uchun ko‘mir, o‘tin kabi xomashyolar yoqiladigan pechlardan foydalanishadi. Shuningdek, elektr toki bilan ishlaydigan pechlar aholining joniga oro kiradi. Demak, tabiiy gaz yetib bormagan olis hududlarga kuz-qish mavsumida tabiiy gaz uchun ijtimoiy normaning oshirilishining zarracha foydasi yo‘q, aksincha, elektr ta’minotidagi ijtimoiy normaning oshirilishi suv va havodek zarur. Biroq Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida elektr energiyasi uchun ijtimoiy normaning oshirilishi haqida so‘z bormagan. Bu esa tabiiy gaz yetib bormagan hududlarning nazardan chetda qolib ketayotganligini ko‘rsatmaydimi? Tez orada qish qilichini yalang‘ochlab keladi, ana shu vaqtda olis va chekka hudud aholisi holi ne kechishi haqida mas’ul tashkilotlar bosh qotirishmayotganga o‘xshaydi.
Gavhar SAYDULLAYEVA