Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida 74 yildan buyon yozning ilk kuni 1-iyun – Xalqaro bolalar kuni sifatida nishonlanadi.
1949-yilda Parijda ayollarning Xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tdi. Bu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi shior yangradi. 1950-yildan boshlab 1-iyunni «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
1-iyun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida butun dunyoda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Yozning birinchi kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kelajagimiz egalari uchun turli konsertlar, ko‘rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. BMT tomonidan belgilangan 20-noyabr sanasi ham Xalqaro bolalar kuni hisoblanadi. Ayrim davlatlarda bolalar kuni emas, bolalar haftaligi tarzida ham nishonlanadi.
Dunyodagi har bir bola ta’lim olish huquqiga ega bo‘lsa-da, hamma bundan foydalana olmaydi. Taxminan 600 million bola va katta yoshlilar o‘qish hamda matematikani minimum darajada ham o‘rgana olishmagan. Dunyo bo‘ylab 160 mln bola majburiy mehnatga jalb qilingan.
Dunyo bo‘ylab bolalarning sog‘lom katta bo‘lishi va sifatli ta’lim olishiga kambag‘allik, ochlik, turli iqtisodiy va siyosiy inqirozlar ta’sir o‘tkazadi. To‘yib ovqatlanmaydigan, sifatli ta’limdan bebahra, majburiy mehnatga jalb qilinayotgan millionlab bolalar bor. O‘zbekistonda ham bolalar bilan bog‘liq muammolar yo‘q emas. Ular ta’lim olish va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega.
Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021-yilda bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘ygani haqida xulosaga keldi. Eng jiddiy muammo – bolalar maktabni tugatgach, kasb o‘rganib mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishi bilan bog‘liq.
Lola MAMARAIMOVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika
fakulteti talabasi