SHRIFTLAR VA ESTETIK TAFAKKUR

Hozirgi kunda o‘quv yurtlarida amalga oshirilayotgan badiiy bezash ishlarini yanada takomillashtirish masalasiga katta e`tibor berilmoqda. Zero bu ishlarning barchasi o‘quv yurtidagi ta`lim-tarbiya ishlariga ijobiy ta`sir etadi.

Xususan, ta`lim muassasasidagi badiiy bezash ishlariga qo‘yiladigan estetik talablar ortib borayotgan hozirgi kunda ana shu ishlarning asosiy elementlaridan biri bo‘lmish shrift qo‘llash san`ati yuqori badiiy sifat darajasiga ko‘tarilishi lozim. Biz harflar vositasida o‘z fikrimizni va o‘zgalar fikrini uqib olamiz. Bu e`lon, chaqiriq, devoriy gazeta va boshqa ko‘rgazmali tashviqot vositalari yordamida amalga oshadi. Bularni bajaradigan yoki unga bevosita rahbarlik qiladigan shaxs shrift nazariyasini va yozish malakalarini egallagan bo‘lishi kerak. 

 Shriftning juda ko‘p turlari mavjud. Fikrimizning dalili sifatida istalgan gazetani olib qarasak, undagi sarlavhalar turli xildagi shriftlardan iborat ekanligini ko‘ramiz.

So‘zning grafik ifodaliligiga shriftning obrazliligi, shrift kompozitsiyasining tuzilishi va yaxlitligi hisobiga erishiladi. Shrift ko‘rgazmali tashviqotning barcha vositalari orqali o‘tadi va mavzuga bog‘liq holda jo‘shqinlik va his-tuyg‘ularni, chaqiriq va osoyishta eslatishni, lirika, assotsiatsiya, yumor, satira va hokazolarni eng aniq ifodalaydigan tasvirga ega bo‘lishi kerak. 

- Obraz, obrazlilik, - deydi atoqli rassom S.Telingater. - Kishi tafakkurining obyektiv olamni bilish jarayonida, u o‘z fikrini boshqalarga berish uchun turli vositalardan foydalanish natijasida vujudga keladigan sohasidir. San`at asaridagi kabi shrift tasviridagi badiiy obraz butun jarayonning mahsulidir. 

Àgar jurnal va boshqa matbaa mahsulotlarini varaqlasak, ulardagi shriftlar yana ham rang-barangligini ko‘ramiz. Shrift uslublari va turlarining rang-barangligi insoniyat taraqqiyotining uzoq va murakkab bosqichi davomida yuzaga kelgan.

Harflar va yozuvlar doimo takomillashib borgan va bu jarayon hozirgi bosqichda ham davom etmoqda. Shriftlarning ayrim nazariy asoslari o‘zgarib borsa-da, lekin shrift va shriftli kompozitsiyaga bo‘lgan asosiy talablar o‘zgarishsiz qolmoqda.

Badiiy bezash ishlarida ko‘proq plakat shrifti qo‘llaniladi. Ulardan chaqiriqlar yozishda, ko‘rgazmali tashviqot ishlarida, devoriy gazetalar va e`lonlar yozishda foydalaniladi. Plakat shriftlarning afzalliklari shundaki, ularni yozish aytarli qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shrift belgilari sodda va tushunarli bo‘lgani uchun tuzilgan matnlar tez va oson o‘qiladi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘quv jarayonida talabalarga shriftlarning badiiy jihatlari va kompozitsion tuzilishlarini o‘rgatish ularda badiiy bezatish ishlarida o‘ziga xos estetik did va tafakkurlarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Rashid ZulfiYev,

Jizzax Davlat pedagogika universiteti, Sirtqi bo‘lim, Tabiiy va aniq fanlarda

masofaviy ta`lim kafedrasi o‘qituvchisi



Авторизация