Xalqimiz orasida "Ota rozi-Xudo rozi" degan naql bor va hech kimga sir emas-ki, ota-onalar doimo farzandining porloq kelajagi uchun harakat qilishadi. Uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga, pand-nasihat berishga to‘laqonli haqli hamdir. Shu sababli aksariyat hollarda ota-onalar farzandining kasb tanlash jarayonida bevosita ishtirok etishni xohlashadi,majburiyatlarini har tomonlama idrok etishga, o‘zida bor imkoniyatlardan to‘g‘ri va unumli foydalanishga harakat qiladi. Chunki, ota-ona voyaga yetkazgan farzandning qobiliyatlari va kamchiliklarini juda yaxshi biladi va to‘g‘ri baholaydi.
Biroq, tanganing ikkinchi tomoniga ham nazar tashlashimiz zarur. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, el-yurt oldidagi obro‘si, orzu-havaslari yo‘lida farzandi xohishini bee`tibor qoldiradigan, orzu va maqsadlari bilan hisoblashmaydigan ota-onalar ham yo‘q emas. Bu bilan ular o‘z dilbandi kelajagini yo‘qqa chiqarayotganliklari esa kundek ravshan.
Misol tariqasida, o‘zim guvohi bo‘lgan bir voqeani bayon etaman. Dong‘i butun viloyatga ketgan, el-yurtga tanilgan bir shifokor bu yil maktabni tamomlagan qizi o‘z kasbining davomchisi bo‘lsin uchun tibbiyot institutiga hujjat topshirishini istadi. Qiz esa bu sohaga umuman qiziqmaganligi bois imtihondan yiqildi. Shifokor onasi esa qizini moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatladi va o‘zi xohlagan oliygohga joylashtirdi. "Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva",- deganlari shu bo‘lsa kerak...
Endi bir o‘ylab ko‘ring, xohlamagan yo‘nalishida ta`lim olayotgan talaba kelajakda qanday qilib o‘z kasbining ustasi bo‘lib yetishishi mumkin?! Fundamental bilimi ham bo‘lmagan, sohaga pul orqali kirib qolgan inson, ayniqsa, tibbiyot sohasida noshudligi tufayli vaqti kelib qaysidir bemorning bevaqt o‘limiga yoki shu kabi boshqa bir noxush vaziyatlarga sababchi bo‘lib qolmasligiga kim kafolat bera oladi? Hech kim!
Bir xatoning ketidan yana boshqa bir xato kelib chiqmasligi uchun ham, har kim o‘zini o‘sha sohasidagina tasavvur qila oladigan kasbini tanlashi o‘rinli bo‘ladi.
Ota-onaning fikri, nasihatidan esa to‘g‘ri maqsadda va istiqbolli rejalar uchungina foydalanmoq lozim.
Lobar Davronova