ODAM SAVDOSI UCHUN QANDAY JAZO BOR?

O'zbekiston Respublikasining "Odam savdosiga qarshi kurash to'g'risida"gi Qonunida "Odam savdosi - kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqacha majburlash shakllaridan foydalanish, o'g'irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste`mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to'lovlar yoki manfaatdor etish evaziga o'g'irlab olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ularni shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o'xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a`zolari yoki to'qimalarini ajratib olishni anglatadi" deya keltirilgan. 

Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 4-moddasida "Hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas, qullik va qul savdosining barcha ko'rinishlari ta`qiqlanadi" deb keltirilishi odam savdosining har qanday ko'rinishlari xalqaro miqyosda ta`qiqlanganligini ko'rsatadi. 

O'zbekistonda mudhish oqibatlarni keltirib chiqaruvchi bunday jinoyatni yo'q qilishga qaratilgan harakatlar sxemasi va huquqiy baza shakllangan. Jumladan, 2003-yil 12-dekabrda O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan "Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to'g'risida"gi Konvensiya, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2000-yilda qabul qilingan "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to'g'risida"gi Konvensiyaga qo'shildi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2008-yilning 17-aprelida "Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida"gi Qonun hamda 2008-yilning 8-iyulida "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qaror qabul qilindi. 

Oradan yillar o'tgan sari odam savdosiga qarshi kurash dunyoning barcha mamlakatlarida amalda bo'lmasin, bu muammo bizni hozirgi kunda ham qattiq tashvishga solmoqda. O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 135-moddasiga asosan jinsiy va mehnat maqsadlarda odam savdosi bilan shug'ullanish jinoyat deb belgilandi. Balog'at yoshidagi jabrdiydani bunaqa ishlarga jalb qilganlik jinoyati uchun 3 yildan 5 yilgacha, jabrdiyda bolalarni jalb qilganlik uchun esa 8 yildan 12 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi. 

SH.MIRZAAHMEDOV,

jinoyat ishlari bo'yicha Zarbdor 

tumani sudining raisi 

N.ERNAZAROV,

viloyat sudining jinoyat ishlari 

bo'yicha sudlov hay`ati sudyasi


Авторизация