ELEKTROMOBILLAR BUGUNGI YANGILIK EMAS

Avtomashinalar insonlarning uzog‘ini yaqin qilgan dastyor texnikalardan biri hisoblanadi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ot va boshqa hayvonlarsiz harakatlanadigan mashinalar yoki samolyot va vertolyot haqidagi amaliy tasavvurlar 6 asr oldin yashab o‘tgan italyan rassomi Leonardo da Vinchi chizmalarida uchraydi. 

18-asrda bug‘ bilan ishlaydigan dvigatellar yaratilishi esa ushbu tasavvurlarni haqiqatga aylantirdi. Elektr tortish kuchiga ega ilk motorning miniatura modeli esa 1828-yilda, deyarli 2 asr oldin vengriyalik Anyos Yedlik tomonidan ixtiro qilingan1834-yilda amerikalik Tomas Devenport o‘zining elektr moslamasini yaratadi. Shu yili olim ishlanmasini aylanma yo‘lda elektrlashtirilgan poyezd maketiga joylashtiradi. Bu ixtironi hali tasavvuriga ham sig‘dira olmayotgan mutasaddilar unga patent berishda juda ikkilanishadi va bu jarayon biroz kechikadi. Devenport patentga uch yildan keyin erishadi.

Vengriya va Amerika olimlari bilan bir qatorda 1835-yilda gollandiyalik professor Sibrandus Strating va uning yordamchisi Kristofer Bekker uch g‘ildirakli, qayta zaryadlanmaydigan birlamchi galvanik elementlar tomonidan boshqariladigan kichik elektr mexanizmini yaratdi.

Bu dunyodagi birinchi elektr avtomobilning og‘irligi uch kilogrammdan oshmaydi. Batareya to‘liq zaryadlanganda u yigirma daqiqa yura oladi va 1,5 kilogramm yuk ko‘tara olgan, xolos. Albatta, bu 1835 yil uchun yomon dizayn va ixtiro emasdi.

Bu paytda shotlandiyalik ixtirochisi Robert Anderson ot aravasiga elektr motorini o‘rnatish bo‘yicha tajriba o‘tkazdi. Uning hamyurti va adashi Robert Devidson esa 6 km/soat tezlikda 2,4 km masofaga harakatlanuvchi hamda 6 tonna yuk ko‘tara oladigan elektrovozni yaratdi. Bu esa odam tezligi bilan deyarli bir xil edi. Yillar o‘tgani sayin elektromobillarga qiziqish biroz kuchayib, bir susayib turdi. 

1970-yillardagi neft inqirozi tufayli elektr avtomobillarga qiziqishlar orta boshladi. 

Sohadagi eng katta yutuq 2006-yilda Kaliforniyadagi Tesla startapi – 300 km masofani bosib o‘tuvchi hashamatli elektr sport avtomobilini ishlab chiqarishini e’lon qilganida yuz berdi. AQSh Energetika departamenti ham qarab turmay, mamlakat bo‘ylab elektr ulovlar uchun tijorat va jamoat quvvatlovchi qurilmalari infratuzilmasini yaratdi.

2010-yilda Chevrolet o‘zining sotuvdagi ilk plagin gibridi Volt avtomobilini, Nissan esa to‘laqonli ekologik toza elektr avtomobil Leafni ishlab chiqardi.

Elektr avtomobilining eng qimmat qismi uning akkumulyatori bo‘lib, u ham umumiy yuqori narx tufayli ko‘plab avtomobil egalarini tashvishga solar edi. 2013-yilga kelib, AQSh Energetika vazirligi elektr texnologiyalarini rivojlantirishga sezilarli darajada sarmoya kiritdi va 4 yil ichida narxlarning deyarli 50 foizga pasayishiga erishdi. Bunday yutuqlar o‘rtacha daromadli odam uchun elektr transport vositalarini yanada talabgor va jozibador qildi. Xuddi yuz yil oldingi kabi.

Butun dunyoda odamlar avtomobillardan voz kechib, ko‘proq piyoda, velosiped yoki jamoat transportlarida harakatlanishga o‘tayotgani jahon avtomobillar savdosining qisqarishiga sezilarli ta’sir qilmoqda. Xalqaro energetika agentligi hatto shunday sharoitda ham elektromobillar savdosi o‘sayotganidan xabar beradi. 2022 yilda elektr avtomobillar sotuvi 10 milliondan oshgan va bu 2021 yilga nisbatan 55 foizga ko‘p. O‘tgan 2023 yilda bu miqdor 14 millionga yetishi mumkinligi taxmin qilingan.

Global avtomobillarning umumiy savdosida elektr motorli transportlarning ulushi 2021-yildagi 9 foizdan 2022-yilda 14 foizga o‘sdi. Mazkur o‘sish 2017-yildagi raqamlardan 10 baravarga ortiq.

Elektromobillar sotuvida yetakchilik Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. 2022-yilda jahon elektromobillari sotuvining 60 foizi u yerda amalga oshirilgan.

Keyingi gigantlar esa Yevropa Ittifoqi va AQSh bo‘lib, 2022-yili bu mamlakatlarda savdo mos ravishda 15 va 55 foizga oshdi. Havoning eng katta ifloslantiruvchilari Xitoy, Yevropa Ittifoqi va AQSh ekani sababli elektr transport vositalarining ko‘payayotgani yaxshi yangilik deya baholanmoqda.

Azamat SHERALIYEV,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi


Авторизация