USTOZ

Taksi haydovchisi yonida xayolga choʼmib ketayotgan edim.

-Аssalomu alaykum,-degan ovozni eshitib, taksining orqa oʼrindigʼiga oʼgirildim.

-Vaalaykum assalom - dedim shoshilib. 

Bir qarashda ortimdagi ayolni tanidim, u sinfdoshim ekan. Sinfdoshim maktabdagi mehnat fani oʼqituvchimizning qizi edi.

Oxiratlari obod boʼlsin, ustozimiz oʼquvchilik yillarimizda ham, undan keyin ham eng hurmatli insonlardan biri edi. 

Necha yillardan buyon koʼrishmagan sinfdoshim bilan yaxshilab soʼrashdim, oʼzi, oilasi, oʼgʼil-qizi, nabiralari, qoʼni-qoʼshnisigacha... 

-Meni shu yerda tushirib qoldiring shopir aka-sinfdoshimning gapidan tuman markazi Oʼsmatdagi hoʼl meva sotiladigan kichik bozorchaga yetib kelganimizni tushundim.

Sinfdosh men bilan xayrlashib, mashina bagajidan bir chelak tillorang nok toʼla katta chelakni oldi-da, ikkinchi qoʼlidagi 5 ming soʼmlik pulni shopirga tutdi. 

-Shopir aka ikkalamizga oʼzim toʼlayman, -dedim shosha-pisha. - Sinfdosh savdongizni bersin.

Haydovchi vaziyatni toʼgʼri angladi va sinfdoshim tutgan pulni olmadi.

Moshina joyidan siljigach, haydovchiga izox berdim:

-Аka, bu ayol maktabdagi eng yaxshi ustozimni farzandi, uni koʼrib ustozimni koʼrganday boʼldim, ustozimizdek insonlar hozir anqoning urugʼi. 

Haydovchi ham maʼqullagan kishi boʼlib, boshini qimirlatib qoʼydi.

Manzilga yetgach, choʼntagimdan pul olib, ikki kishi uchun kira haqini sanay boshladim.

-Pulingizni olmayman, tushib qolavering uka,-dedi u kutilmaganda. 

-Ertalabgi rizqingiz, boya sherigimgayam toʼlatmovdim, oling aka-dedim. 

-Men roziman, siz ham rozi boʼling, tushavering... Toʼgʼrisini aytsam ukajon, mening oʼgʼlim ham maktabda oʼqituvchilik qiladi. Sizning ustozingiz haqidagi gaplaringizni eshitib, "oʼgʼlimgayam shu insonni yoʼlini bersin, ustozingizdek el-yurt hurmat qiladigan inson boʼlib yetishsin" deb niyat qildim...

-Baraka toping, rahmat aka - deya erta tongdan kayfiyatim koʼtarilib, mashina eshigini yopdim.

 

Mamadiyor Sherbekov,

(Baxmal)


Авторизация