OVQATLANISH KIMO'ZAR POYGAGA AYLANDIMI?

Dietologlarning ta'kidlashicha yog‘li va qovurilgan taomlarni ko‘p iste'mol qilish yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqaradi. Rivojlangan davlatlar ortiqcha vazndan aziyat chekib, sog‘lom ovqatlanish ratsioniga amal qilish choralarini qo‘llayotgan bir paytda, bizning jamiyatda ovqat yeyish poygasi avj olayotganiga nima deysiz? 

Shahrimizda dong‘i ketgan choyxona-yu, restoranlar juda ko‘p. Shulardan biri ikki kilolik somsaning reklamasini ijtimoiy tarmoqlarda trendga aylantirib, obunachi yig‘ishning antiqa yo‘lini topgan. Xo‘randalarga bitta shart qo‘yiladi, ya'ni u  ikki kilolik somsani o‘n besh daqiqada yeb tugatishi kerak. Agar kim shartni bajarsa 300 ming so‘m pul oladi  va yeyilgan somsa ham tekinga beriladi. 

Bir eshitganda quloqqa xush yoqadigan pul mukofoti fonida choyxonaga keluvchilarning sonini oshirish, "podpiska", "layk" larni ko‘paytirish kabi maqsad bor.  Bu reklamalar asnosida ular  ochofotlikni, pul uchun har qanday shartlarga rozi bo‘lishni targ‘ib qilib qo‘ymayaptimikan? 

Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan yana bir choyxonada ham shunga o‘xshash "ajoyib" tanlov bor. Birgina Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 27 ming obunachiga ega bo‘lgan osh markazida ma'lum narx qo‘yib sotiladigan osh kamida 5 kiloni tashkil qiladi. Shart shuki, bir soat davomida qo‘y  va zig‘ir yog‘iga pishgan oshni to‘rt kishi paqqos tushirishi kerak. Mukofoti 300 dollar. Albatta osh ham tekin. Tasavvur qilyapsizmi?! Axir bu harakatlar qanday  reklama va ommalashtirish qonun-qoidalariga to‘g‘ri keladi? Buni nazoratga oladigan tashkilotlarning nishi singanmi? 

Gapirsak, gap ko‘p. Balki o‘sha manzillarda shu yo‘lni tutayotganlarga o‘z mahsulotini yetim-yesirlar, mehribonlik uylari yoki kam ta'minlangan oilalarga berib ham reklama qilsa bo‘lishini aytadigan savobtalablar yo‘qdir. 

Ijtimoiy tarmoqlarga   joylashtirilayotgan bunday videolarning tagida yozilayotgan izohlardan ham bilish mumkinki, bu faqat odamlarning g‘ashini keltirib, nafratini oshishiga olib kelyapti. Aynan osh yeyish musobaqasi muhrlangan videorolik tagida odamlar yozgan izohlarga e'tibor qaratamiz:

"...Bu isrof. Dunyoviy o‘ylasanglar ham koni zarar, kasal bo‘ladi odam... Bas qilinglar, hech bo‘lmasa shunaqa reklamani trendga chiqarmanglar".

Yana bir kuzatuvchining izohi:

"Ovqatdan boshqa g‘aming yo‘qmi nafs qullari, qachon rivojlanishga intilamiz..."

Darhaqiqat, kuzatuvchilarning gapida jon bor. Osh-u, gigant somsalarga qo‘shib, aqlimizni ham yeb qo‘ymayapmizmi?! Qachon bu o‘zbek ilmdan, kasb-hunardan, yangilik, ixtirodan musobaqa-lashadi?! Qolaversa, noto‘g‘ri va ko‘p ovqatlanish, kam harakatlilik oqibatida xastalikka uchrayotganlar ham ko‘payib bormoqda.

Bu borada Jizzax shahar 1-oilaviy poliklinikasi katta bosh hamshirasi Mohira Sodiqova shunday deydi:

- Ovqatlanish organizmning hayot faoliyatini taminlash, salomatlik va ish qobiliyatini saqlab turishi uchun zarur oziq moddalarni o‘zlashtirish jarayonidir. Haddan tashqari ko‘p ovqatlanish vazn ko‘payi-shiga olib keladi. Ortiqcha vazn esa qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqaradi. Hozirgi kunda avjiga chiqayotgan, musobaqalashayotgan, to‘rt-besh kishi bemalol to‘yadigan taomlarni bir kishi bir vaqtda yeyishi haqidagi videoroliklar internetda mashhur bo‘lib ketdi. Ammo bu  nihoyatda noto‘g‘ri narsa. Bunday musobaqalarni mutaxassis sifatida juda qoralayman. Insonlar o‘z salomatligiga o‘zlari  e'tiborli bo‘lishi kerak, lekin bunday musobaqalarni uyushtirayotgan tadbirkorlarni ham mas'ul tashkilotlar nazoratga olishsa ma'qul bo‘lardi.

Poytaxtda joylashgan yana bir mashhur fast-food reklamasining g‘oyasi ham shu tanlov asosiga qurilgan. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi profillariga ikki-uch kishi bemalol to‘yadigan lavashni besh tishlam orasida yeb bergan xo‘randaga   300 ming so‘m pul mukofoti va tekin lavash taqdim etilishi aks etgan videolar joylab borilmoqda. Bu "tanlov"ning ishtirokchilari yoshlardan iboratligi achinarli hol. Ularning video davomida insonga xos bo‘lmagan harakatlar bilan taom yeyishi juda xunuk va achinarli.

Shayx Sa'diyning "Guliston" asarida shunday hikoyat keltirilgan: Xurosonlik ikki darvesh birgalikda safarga chiqishadi. Ulardan biri zaif edi, chunki kun oralatib kechqurun iftor qilardi. Ikkinchisi baquvvat edi, chunki kunda uch mahal ovqatlanardi. Tasodifan ularni bir shaharda josuslikda aybdor qildilar, har ikkalalarini bir xonaga qamab, eshikni loy bilan suvab tashladilar. Oradan ikki hafta o‘tgach, ularning gunohsiz ekanliklari ma'lum bo‘lib qoldi. Eshikni ochib qarashsa baquvvat odam o‘lib, zaifi tirik qolibdi. Bu hol hammani hayratga soldi. Bir donishmand dedi: "Agar aksincha bo‘lganida taajjublanishga arzirdi, zeroki, ulardan biri ko‘p ovqat yeyishga odatlangan edi, ochlikka bardosh bera olmay o‘ldi. Bunisi, ovqatni juda oz yeyishga odatlangan edi, nochor sabr etib, halokatdan xalos bo‘ldi".

Xullas, turli antiqa-antiqa tanlovlarning ishtirokchisi bo‘lib, oshqozonga jabr qilmaylik. Sog‘lom yashash esa o‘z qo‘limizda. 

 

Cho‘lponoy Ahmedova

«Jizzax ovozi»


Авторизация