O'ZBEK FAQAT TO'Y UCHUN YASHAYDIMI?

Сегодня, 09:40
0
Шикоят қилиш

To‘y yaxshi-da, yaqin qarindoshlar bilan diydorlashasiz, shirin suhbat qurasiz. Aslida shodu xurramlikka nima yetsin? Har bir kunimiz to‘yu tantana bilan o‘tsa qani edi? Biroq bugun to‘ylarimizda yuz beradigan ayrim ko‘ngilni xira torttiruvchi holatlar tobora avj olib borayotganligini ham inkor qilmasangiz kerak.

Qaysidir to‘y(lar)da yosh yigitlarning xuddi elektr toki urgandek qaltirab, yerga yotib olib yoki dasturxon ustiga chiqib, noz-ne’matlarni, hatto nonni tepib o‘ynayotganiga yoxud erkak kishi bo‘la turib o‘zini har “muqom”ga solib “xirom aylayotgan”iga guvoh bo‘lib, yoqa ushlaydi kishi. Kamiga bizning odatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan “shirinlik yedirish marosimi”, qo‘sha-qo‘sha avtomashi-nalar bilan kelinning uyiga nikohga borish “udumlari”ga nima deysiz?

Yodimda, 1996-yilda Jizzax shahridagi bir to‘yda xuddi shunday “avtomobil karvoni”ning o‘ziga xos poygasi bois dahshatli yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan edi. Ikkita mashinada bo‘lgan 7-8 nafar kuyov jo‘ralar va kelinning dugonalari hayotiga fojiali yakun yasalgandi. Biroq xulosa chiqarmadik...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda guvoh bo‘ldim, voha tomonda 10-15 chog‘li kuyovning o‘rtoqlari yo‘l talashib bir yigitni xotinining oldida ayovsiz kaltaklashibdi... Biz xulosa yasamadik...

Ko‘chalarni boshiga ko‘tarib katta tezlikda shovqin-suron bilan harakatlanayotgan avtomashina oynasidan yarim beligacha chiqib olib, o‘z hayotiga xavf solayotganlarni ko‘rmayapmizmi? Avval kelinchakka shirinlik yedirish bahonasida beo‘xshov hazil qilib, kelin bola ham shu hazilni qaytarsa go‘yoki g‘ururi  toptalgandek unga yuzlab mehmonu mezbonlar oldida qo‘l ko‘tarishgacha borayotgan “o‘g‘il bola”larning xurmacha qiliqlarini-chi? Ko‘ramiz, faqat indamaymiz, xulosa yasamaymiz. 

Gohida bu qiliqlarni yoshlikka yo‘yamiz, “esi kirib qolar!”, deymiz. Buni yosh bola emas, oila qurish ostonasida turgan, oq-qoraning fahmiga borganlar qilayapti-ku, axir! Boz ustiga bu o‘zlikni,  millatni sharmanda qilishdan boshqa yana nima? Nega jimmiz, nima uchun og‘zimizni ochib lom-mim demaymiz, nega?..

Bugungi kunda qanday murakkab, tahlikali zamonda yashayotganimizni, albatta, barchamiz ko‘rib, bilib, his qilib turibmiz. Hayotning o‘zi ilgari tariximizda, taraqqiyot yo‘limizda uchramagan muammo va vazifa-larni oldimizga keskin qilib qo‘ymoqdaki, bunday davrda o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi har qachongidan ham keskinroq va murakkabroq bo‘lib borayotganligi bejiz emas. Bu hammamizni hushyor torttirishi, o‘z o‘rnida farzandlarimiz tarbiya-siga har qachongidan ham jiddiyroq yondashishimiz zarur ekanligini ko‘rsatishi lozim emasmi?  

Ijtimoiy tarmoqlar orqali axloqsizlikni targ‘ib etadigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yerga uradigan g‘oyaviy tahdidlar tobora kuchayib borayotgan-ligini bir zum bo‘lsada yoddan chiqarmasli-gimiz kerak. Afsuski, hali suyagi qotmagan avlod tarbiyasini buzishga xizmat qiladigan, bir qarashda arzimas bo‘lib tuyulgan shunday omillar borki, biz ularga unchalik e’tibor bermayapmiz.

Yaqinda tanishlarimdan biri to‘y qildi. Borganimga ming pushaymon yedim. Sababi maza-matrasasi yo‘q musiqa va qo‘shiq ovoz kuchaytirgich orqali butun to‘yxona bo‘ylab vada-vang qo‘yilganki, quloqni qomatga keltiradi. Na qo‘shiq so‘zini tushunasiz, na atrofingiz-dagilarning gapini eshitasiz. Kishiga orom, o‘zgacha zavq bag‘ishlashi kerak bo‘lgan musiqa endi yurakni yoqimsiz o‘ynata boshladi. Yoshlarning jazavaga tushib raqsga tushish-lari esa dard ustiga chipqondek, go‘yo.

Aslida kuy-qo‘shiqning nafa-qat mazmuni, ohangi ham inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak emasmi? Bunday shovqin-suronli kuy odamlar didini pasaytirib, kerak bo‘lsa ularni qo‘pol va shafqatsiz qilib qo‘ymasmikan, deya o‘ylab qoldim. Beixtiyor yana bundan ancha yillar oldin G‘allaorol tumani qishloqlaridan birida bo‘lgan to‘y yodimga tushdi:

Kuz quyoshi borliqni ilgarigidek isitmasada harqalay hovlida to‘y qilishga monelik ham qilmaydi. Uzunbuloq qishlog‘idagi mo‘jazgina olma bog‘ining o‘rtasiga joy hozirlangan. Dasturxonga ham oddiy, asosan O‘roqboy otaning tomorqasi va bog‘ida yetish-tirilgan mevayu sabzavotlar, rezavorlar hamda shunga o‘xshash mayda-chuyda-lar qo‘yilgan. Davraning to‘riga gilam osilib, unga paxta bilan “Xush kelibsiz, Muqimboy va Gulchehraoylarning nikoh to‘yiga!” deb yozilgan. Qishloq san’atkorlari doira, akkordeon va torli musiqa asbobida hech kimning g‘ashiga tegmaydigan qo‘shiqlardan aytib, mehmon-larga o‘zgacha huzur bag‘ish-lashmoqda. Yana bir e’tiborli jihati, qishloqning yosh-yalang-lari daraxt shoxlariyu yaqin atrofdagi qo‘shnilar tomi ustida, qiz-juvonlar esa hovlining bir chetida to‘yni maroq bilan tomo-sha qilib turishibdi. Mezbonlar-ning ikki qo‘li ko‘ksida, meh-monlar esa ikki yoshga samimiy tilaklarini bildirib charchash-maydi... 

Menimcha, xuddi shunday to‘ylarda qandaydir fayz bor edi. Mana, oradan qariyb o‘ttiz yil o‘tyapti. Muqimboy va Gulchehraxonlar hamma havas qiladigan, serfarzand, badavlat oilaga aylanishdi. O‘ttiz yil oldin davr boshqacha bo‘lgan-da, deyishingiz mumkin. Lekin ortiqcha dabdababozlik, isrofgar-chilik, ma’naviyatimizga zid, millat sha’nini yerga uradigan xatti-harakatlarga qaysi zamon, qanday makon aybdor? Yillab yig‘inasanu, bir kunda sarf qila-san. Xo‘sh, kelin-kuyov qo‘sha-qo‘sha, chet elning “oldi” mashinasida sayr qilsa baxti to‘kis bo‘ladimi? Qimmatbaho xorijiy mebellar yoshlarga o‘sha baxtni hadya eta oladimi? Qayer-dadir kimdir bir burda nonga zor, biz esa to‘ylarimizda tog‘ora-tog‘ora ovqat, qanchalab noz-ne’matlarni axlatga tashlaymiz, odamlarning ustidan dastalab pul sochishlar-chi... Uvoldan qo‘rqmay qo‘ydik. Bularni ko‘rib, beixtiyor savol tug‘iladi: O‘ZBЕK FAQAT TO‘Y UCHUN YASHAYDIMI?

Maqola so‘ngida ma’rifat-parvar, jadidchi bobomiz Abdulla Avloniyning 1915-yilda yozgan “To‘y haqinda” deb nomlangan she’rini hukmingizga havola qilishni lozim topdik:

O‘g‘lingizni o‘qutmoqg‘a bo‘lasiz ayyor-o‘v,

To‘y qilsangiz osh bermoqqa aqchangiz bisyor-o‘v.

Kambag‘al kelub to‘yga kirsa, ket, nari bor, boru,

Boylar kelsa, to‘rga olub, oshu non tayyor-o‘v.

Bid’atmi bu? Odatmi bu? – Nog‘ora qoqmog‘u,

Shavkatmi bu tom boshida surnayin tortar-o‘v.

Kulgan bizning bu ishlarga boshqa millatlar-o‘v,

Pul sarf etub hajviy bo‘lmak bizga ne darkor-o‘v…

Bid’at uchun sarf o‘ladir oltinu dinor-o‘v,

Maktab desa, pul yo‘q, dersiz bu nechuk kirdor-o‘v…

Emdi bizning bu holingcha bu zamon qo‘ymas-o‘v,

Bosh devorga taq etgan so‘ng bo‘lamiz xushyor-o‘v…

Esiz, to‘yga sarf o‘ladir oqchalar, Hijron-o‘v,

Ilm uyidan qizg‘anadur pullarin boylar-o‘v.

Kambag‘al kelub to‘yga kirsa, ket, nari bor, boru,

Boylar kelsa, to‘rga olub, oshu non tayyor-o‘v.

 

Xulosa qilaylik, azizlar!

 

Said Donishev



Авторизация