TEZKOR VA PESHQADAM - IJOD VA NATIJA

Hech ikkilanishsiz, yakuniga yetgan 2024-yilning O‘zbekiston, chunonchi, Jizzax viloyati uchun muhim voqealarga boy bo‘lganini e’tirof etish mumkin. Iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlaridagi o‘zgarish hamda yangilanishlar, qurilish va bunyodkorlik ishlari, eng muhimi, mana shu islohotlar natijasida odamlar hayotida ro‘y berayotgan sezilarli o‘zgarishlar fikrimizni isbotlaydi. 

Shu ma’noda, islohotlarning faol tanqidchisi, jarayonlarda jamoatchilik nazoratini amalga oshiradigan ommaviy axborot vositalari ham zamon bilan hamnafas tarzda o‘z ish tutumi va faoliyat ko‘lamiga yangi-yangi qoidalarni tatbiq eta borib, el nazarida mavqeini saqlab kelayotgani ham rost. Shuning barobarida, hurmatli Yurtboshimiz tashabbusi bilan axborot makoniga kirib kelgan ochiqlik siyosati joylarda mahalliy hokimliklar va davlat boshqaruvining quyi pog‘onalarida xalqqa yaqinlashish ehtiyojini oshirganini inkor etish adolatdan bo‘lmaydi. 

Viloyatimizdagi peshqadam bosma nashrlar va elektron ommaviy axborot vositalari hayotida ro‘y bergan quvonchli voqealar esa, turgan gapki, oddiy musahhih yoki ovoz sozlovchidan tortib, el ichida kezib, jarayonlar haqida ommani xabardor etishga mas’ul jurnalistlar va muharrirlar, muxbir va sharhlovchilar mehnatini yuzaga chiqaribgina qolmay, ularning mehnat sharoiti yaxshilanishi hamda faoliyat ko‘lami kengayishini ta’minlab beryapti. 

Misol uchun, o‘tgan yilda respublikamiz miqyosida adadi bo‘yicha peshqadam nashrga aylangan “Jizzax haqiqati” va “Djizakskaya pravda” gazetalari tahririyati qutlug‘ 50 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiya hamda dunyoning peshqadam nashrlari va jurnalistika oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari ishtirokida zamonaviy media makonda axborot erkinligi va mualliflik huquqi muammolari muhokamasiga Jizzax mezbonlik qildi.  

Viloyatimizning otaxon nashrlaridan biri “Jizzax ovozi” gazetasining izlanuvchan va faol ijodkorlardan iborat mehnat jamoasi “Oltin qalam” milliy mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi tele- va radiokanallar o‘rtasida auditoriyasi kengligi, ishlab chiqarilayotgan mediamahsulotlari mazmundorligiga ko‘ra salmoqli mavqe egallaydigan Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi esa davlat ko‘magi bilan qariyb 60 milliard so‘mlik zamonaviy studiya va teleradio uskunalariga ega bo‘ldi. Endilikda teleko‘rsatuvlarni yuqori sifatli Full HD formatida efirga uzatish, eng muhimi, jonli efir hajmini oshirish imkoni mavjud.

Bugun viloyatimizdagi 20 dan ziyod ommaviy axborot vositalari hayotida mana shu kabi katta-kichik yangiliklarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Bu, turgan gapki, ijodkorlar hayotida unutilmas voqea, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat tashabbuslari mevasi ekani aniq. 

Fikrimcha, 2024-yilda jurnalist uchun tezkorlik, xolislik, aniqlik kabi kasb xususiyatlari birlamchi bo‘lishi kerakligini isbotlab beradigan voqeliklarning ham guvohi bo‘ldik. 

Shu nuqtai nazardan, ijodkor aka-uka, opa-singillarimizga yangi – 2025-yil yanada omadli va muvaffaqiyatli bo‘lishini tilayman. Bu borada davlat boshqaruvi organlarida mehnat qilayotgan hamkasblarimiz – jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul bo‘lgan Axborot xizmatlari xodimlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz lozim. Zotan, “Tezkor va peshqadam – ijod va natija” degan o‘zaro bir-birini to‘ldirib turadigan mezon bugungi global sharoitda axborot makonining haqiqiy egalari - ijod ahli uchun asosiy qoida bo‘lmog‘i kerak.

 

Erkin Shermanov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi 

viloyat bo‘limi rahbari


Авторизация