AXBOROT MAYDONI - HAMMA UCHUN OCHIQ

2024-yil mamlakatimizda ulkan o‘zgarishlar va imkoniyatlar yili bo‘ldi, desam yanglishmayman. Bu islohotlar samarasi Jizzax jurnalistikasi va axborot makonida ham yaqqol ko‘zga tashlandi. 

Aslida, bu jarayon Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga kirishgan dastlabki kunlardan boshlab davom etayotgan matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga doimiy ravishda va alohida e’tibor hamda qonuniy asos yaratilishi bilan bog‘liq. Aynan shu davrda sohaga oid 3 ta qonun, Prezidentimizning 2 ta farmoni va 4 ta qarori, hukumatning 10 ga yaqin qaror va farmoyishlari qabul qilinganligi buning yaqqol isbotidir. Natijada mamlakatimizda axborot olish va axborotlashtirish, so‘z erkinligi hamda davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini ta’minlash, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qator yangiliklar joriy etildi, imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi kabi yangi norma va moddalarning mustahkamlab qo‘yilishi tarixiy voqea bo‘ldi.

O‘z navbatida Prezident tomonidan 2019-yil 27-iyunda “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorning qabul qilinishi ham dunyoga tobora yuz ochib borayotgan Yangi O‘zbekiston uchun mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini oshirish va axborot xizmatlari faoliyatining samaradorligini tubdan yaxshilash borasidagi muhim hujjat bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qarorga ko‘ra, axborot xizmati rahbari bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘lishi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o‘rinbosariga tenglashtirilishi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-iyulga qadar ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi joriy etildi.

Faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi materiallar mualliflarini bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobarigacha miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlash belgilandi.

Qaror ijrosi doirasida 2024-yildan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov bosh milliy mukofoti sohibiga yengil avtomobil taqdim etish yo‘lga qo‘yilib, g‘oliblarga beriladigan mukofot puli miqdori sezilarli darajada oshirildi. Tanlovning rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari ko‘paytirilib, 12 taga yetkazildi. O‘rni kelganda aytish lozimki, yaratilgan imkoniyat va huquqiy asoslardan foydalangan holda, qariyb bir asrlik tarixga ega “Jizzax ovozi” gazetasi 2024-yilda mazkur tanlovning sovrindorlari qatoridan joy oldi. Bundan tashqari, gazeta ijodiy jamoasi o‘zining tinimsiz izlanishi va sa’y-harakatlari natijasida turli ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, gazetaning viloyat miqyosida “Gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan eng yaxshi nashr” deb topilgani ham bejiz emas.

Aytish lozimki, 2024-yil har birimiz uchun barakali yil bo‘ldi. Kirib kelgan Yangi yilimizda barcha sohalar qatori jamiyatimiz va Jizzax jurnalistikasi rivojiga hissa qo‘shayotgan barcha hamkasblar, fidoyi insonlar va soha jonkuyarlari faoliyati ulkan muvaffaqiyatlar va samarali natijalarga boy bo‘lsin. 2025-yilda yurtimizdan fayzu-baraka, dasturxonlarimizdan to‘kinlik arimasin.

 

Ulug‘bek ADILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Administratsiya huzuridagi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Jizzax viloyati 

boshqarmasi boshlig‘i


Авторизация