Bugungi kunda turistik salohiyati oshirib borayotgan hamda taomlari ayniqsa, somsasi bilan tillarga tushgan Jizzax Nurota va Turkiston tizma tog‘larini ajratib turuvchi, kengligi 120-130 metrga to‘g‘ri keluvchi Ilono‘tti (Temur darvozasi) darasining shimoliy qismida Sangzor vodiysida shakllangan qadimiy shahardir.
Sharqni G‘arb bilan bog‘lovchi qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining aynan Ilono‘tti darasidan o‘tishi shahar mavqeining o‘sishi va savdo markaziga aylanishiga sabab bo‘lgan. XIX-XX asrlarda barpo etilgan Krasnovodsk – Toshkent temir yo‘li va Katta O‘zbekiston traktining Jizzax orqali o‘tishi shahar rivojida, uning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynadi.
O‘tmishda kichik qal’a-shaharcha bo‘lgan, mustaqilligimizni qo‘lga kiritganligimiz tufayli ijtimoiy-iqtisodiy sohalari, sanoati taraqqiy qilgan, xalq ta’limi va madaniyati rivojlanayotgan Jizzax shahri tarixini bugungi kunda istiqlol sharofati ila chuqurroq o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi.
Jizzax – O‘zbekistoning eng qadimiy shaharlaridan bo‘lib, miloddan avvalgi bir minginchi yillarda yuzaga kelgani ko‘plab tarixiy manbalarda tilga olinadi. Boy tarixga ega bo‘lgan shahar urbanistik jarayoniniing yuzaga kelishi bronza davriga borib taqaladi. Tarixchi-arxeolog olimlar tomonidan shaharning yoshini aniqlash, uning tarixiy obidalari qoldiqlarini o‘rganish borasidagi tadqiqot ishlari davom etmoqda.
Mavjud tarixiy manbalar Sharqni G‘arb bilan bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘li ustidagi chorrahada, qulay geografik hududda joylashgan Jizzax shahrining yoshi ming-ming yillar bilan o‘lchanishidan dalolat bermoqda. Jizzax asrlar davomida turli mamlakatlar, hukmdorlar, bek-amaldorlar, olimu shoirlar, din rahnamolari, oddiy kishilar, xullas, barcha-barchaning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan.
Tarix guvohlik beradiki, qadimgi fors podshohlari ahomoniylar, yunon-makedonlar, arablar, mo‘g‘ullar va nihoya Rossiya imperiyasi hukmdorlari bilan ota-bobolarimiz o‘rtasida Jizzax shahri uchun bir necha bor qirg‘in-barot janglar bo‘lib o‘tgan va shahar batamom yakson qilib tashlangan. Shaharning bunday janglarda bir necha marta vayron qilinganligini aytish va uning adog‘iga yetish qiyin. Ammo tarixda Dizak, Gazo, Tayzaq, Tuzihaq, Faknon va boshqa nomlar bilan shuhrat qozongan bu shahar har gal yonib vayron bo‘lsa-da, o‘z o‘rnida yangidan tiklanavergan, gullab-yashnayvergan. Bugungi kunda shaharning ko‘hna tarixidan borilgan arxeologik qazilmalar natijasida hozirgi kungacha topilgan va topilayotgan toshdan, temirdan yasalgan mehnat qurollari, kulolchilik, zargarlik, temirchilik buyumlari, qadimgi qurol-yarog‘lar, tangalar va boshqa ashyoviy dalillar, kiyim-kechak qoldiqlari ana shundan dalolat bermoqda.
Arxeologik topilmalar shaharda turli dinlar ham hukm surganini ko‘rsatmoqda. Jizzaxning qadim aholisi dastlab zardushtiylik-otashparastlik, keyinroq islom diniga e’tiqod qilgani tarixdan bizga ma’lum.
Jizzax shahri ko‘plab tarixiy manbalarda tilga olingan. Yunon-Rim tarixchilari Gerodot, Strabon, Ktetsiya, Ksenafont, Arrian, arab muarrixlari: Hofiz-Tarobiy, ibn Havqal, ibn Hurdodbek, Istahriy, ibn Batuta, Yoqu Hamaviy, Ibn Arabshoh, Muhammad Solih, Hofiz Tanish, Hamidulla Kazviniy, Ali Yazdiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalar o‘z asarlarida shahar tarixi, aholisining urf-odatlari, dini, madaniyati haqida bitiklar yozib qoldirishgan.
Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosati va uning zulmidan sabr kosasi to‘lgan Jizzax shahri aholisining 1916-yilda front orqasidagi mudofaa inshootlari va harbiy yo‘llar qurish ishlariga safarbar etilishiga qarshi ko‘tarilgan milliy-ozodlik qo‘zg‘oloni tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Bu qo‘zg‘olonga boshchilik qilgan Nazirxo‘ja Abdusalomov, Ziyo Qori Abdullayev, Muhammadrahim Abdurahimov, Komil Qori Bobojonov, Abdurahmon jevachi Abdujabborov, Ismoil bobo Ro‘zimuhammedov, Nuriddin hoji Ma’rufxo‘jayev, Muhammadxo‘ja Hamroyev singari yurtparvar insonlar Rossiya imperiyasi hukumati harbiy dala sudining hukmi bilan qatl etiladi. Bugungi kunda shaharda Jizzax qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan ko‘chma ko‘rgazma va O‘rda tarixi muzeyi tashkil qilingan, qo‘zg‘olonchilar nomi abadiylashtirilmoqda.
Shaharda o‘tgan yillar mobaynida juda ko‘plab taniqli kishilar – O‘zbekiston xalq shoiri Hamid Olimjon, davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Nazir Safarov, yozuvchi, dramaturg va olim Safar Azimov, mashhur jarroh, akademik O‘ktam Oripov kabi xorijiy mamlakatlarda ham e’tirof etilgan tibbiyot xodimlari, ko‘plab taniqli kishilar yetishib chiqqan.
Azamat SHERALIYEV,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi