JIZZAXDA TESKARI OQADIGAN DARYO BORMI?

Jizzax viloyati haqida gap ketganda, avvalo ko‘z oldimizga uning Zomini, xushxo‘r taomlari keladi. Lekin Jizzaxning yana bir hayratlanarli jihati shundaki, Jizzax shahridan o‘tuvchi Sangzor daryosi teskari yo‘nalishda oqadi. Xo‘sh nega bunday?

Manbalarda keltirilishicha, Zarafshon daryosining shakllanishi bundan million yillar avvalgi eng qadimgi davrga to‘g‘ri keladi. O‘sha davrda Sangzor daryosi Zarafshonning o‘ng irmog‘i sifatida Baxmal tog‘laridan boshlanib, shimoli-g‘arbga hozirgi Samarqand va Jizzax viloyatlari chegarasidagi “Yuqori nuqta”dan qariyb 10 kilometrlar janubdan Zarafshonga borib quyilgan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bundan million yillar avvallar zilzilalar natijasida yerning o‘sish hodisasi yuz berishi natijasida yer sathining relyefi o‘zgarib ketgan. Bu hodisa Zarafshonning o‘ng irmog‘i bo‘lgan Sangzorning o‘zaniga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmagan – qiyalik chapga og‘ganidan keyin Sangzor orqaga qarab oqa boshlaydi. Natijada Baxmal qishlog‘idan shimolga qarab Nurota tog‘igacha, g‘arbdan Bulung‘ur atrofigacha katta ko‘l paydo bo‘ladi.

Vaqt o‘tib, suv ko‘paygani sayin uning bosimi ham kuchayib boradi. Natijada Nurota va Molguzar tizmalari tutashgan eng kuchsiz, ensiz joyidan suv sizib o‘tib dastlab sharq tomonga qarab oqa boshlaydi. Yig‘ilgan suv bosimi ostida tog‘ tizmasining yemirilishidan Temir darvozaning o‘rni paydo bo‘ladi. Sekin-asta ikki tog‘ o‘rtasida dara shakllanib, undan oqayotgan suv to‘g‘ri Sirdaryoga borib quyilgan. Yillar o‘tib daryo o‘zanini o‘zgartirgan va shimol tomonga, teskari oqa boshlagan.

Fazlulloh MANSUROV,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi


Авторизация