Zamona zaylining qiziq-qiziq o‘yinlarini ko‘raverib hayron qolasan kishi. Ayniqsa media makon, axboriy jamiyatda bo‘layotgan kurashlar, xurujlar, blogerlarning dahanaki, keraksiz "jang"lari odamlar ongini shu qadar zaharlamoqdaki, jamiyatda salbiy kayfiyatdagi kishilar ko‘payib ketmoqda.
Gadjetni qo‘limizga olishimiz bilan vaynerlar, blogerlarning kontentlarida zo‘ravonlik, ichkilik, kashandalik, hatto(!) besoqolbozlikni targ‘ib qilayotganiga nima deysiz?
To‘g‘ri, bu ularning hammasi ham talabga javob bermaydi, degani emas. Ammo aksariyat vaynerlarning berayotgan "ozuqa"si sekin-sekin ongni o‘ldirishga mo‘ljallan-gan zahar kabi hayotimizga singib bormoqda. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Nahotki, o‘zimiz ham shunday "ozuqa" ga o‘ch bo‘lib qolayotgan bo‘lsak?! Inglizlarda bir maqol bor: "We are what we eat", ya'ni bu jumlaning taxminiy tarjimasi - "Nima yesak, o‘shanaqamiz". Ayanchli muammolarning eng dahshatlisi vaynlarning deyarli hammasida yashirin reklama asosida spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, sifatsiz dorilar, turli kosmetik vositalarning "obzori" to‘ldirib tashlangan. Aslida qonun bo‘yicha bu mahsulotlarni reklama qilish, targ‘ib qilish mumkin emas. Bunday vaynlar takrori ko‘payishi Jinoyat kodeksiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishga olib keladi, aslida. Axborot makonida, globallashuv jarayonida ularning hammasini ham boshqarish imkoni yo‘q. Lekin tartiblash, saralash, cheklash mumkinku!
Masalan, Bobur Mansurov nomi ostida 6, 7 nafar yigitlarning oxirgi olti oylikda chiqargan vaynlariga nazar solsak. "Mitti.me" profili ostidagi "Qamalgan kelin" vaynini olaylik. Ularning aksariyati tomashabinga qo‘pol so‘zlar, betartib hayot tarzi, boqimandalik kayfiyatini "taqdim qiladi". To‘g‘ri vaynda yumor, shunchaki kulgi ostida achchiq haqiqatlarni ochib berish kadrlari ham yo‘q emas. Lekin yana bir jihatiga diqqat qarataylik. Sobiq sovet davridagi voqeliklar, uslub, kiyinish, obrazlarni olib chiqayotganlar o‘sha davr hissiyotini kuzatuvchilarga berib, kimga nimani isbotlamoqchi?! Ularning ssenariysi bilan kim shug‘ullanadi? Behayo va ochiq sahnalarning "prosmotri" uchun nimani qurbon qilyapmiz? Bir vayndagi voqealar rivojiga e'tibor bering: yangi yilda qorbobo va qorqiz obrazidagi vaynerlar o‘z sheriklari bilan spirtli ichimlik iste'mol qiladi va uning ta'sirida erkak jinsiga mansub bo‘lgan "qorqiz"ga tashlanadi. Bunday qo‘pol va tarbiyasiz so‘zlar bilan bir-biriga murojaat qilishi natijasida LGBT harakatini targ‘ib qilib qo‘ymayaptimikan?!
Yaqinda bayram arafasida kiyim do‘konlariga bordim. Achinarlisi, xoh do‘kon, xoh bozor bo‘lsin sotuvchilarning "hangomasi" ham qaysi bloger qanaqa video qo‘ygani, qaysi vayner kim bilan "Battle" qilgani, ularning o‘rtasidagi munosabat, uyushtirayotgan "Give-away" konkurslaridagi sovg‘alar haqida edi. Xaridorlarning qiziqishi ularnikidan kam emas. Bu kundalik hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurgan bo‘lsa-da, aslida millat fojeasi emasmi? Bunday videotasvirlarni ko‘rayotganlar ichida bolalar, o‘smirlar, yosh qizlar orasida jinsiy tolerantlik paydo bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?
Ushbu kontentlarni tasvirga olayotganlar, ularga homiylik qilayotganlar achchiq haqiqatni tan olmasdan "yoqmasa ko‘rmasin", "donishmand bo‘lsang ham profilimdan nariroq tur" kabi gaplar bilan "himoyalanmoqda". Vaholanki, ularning ham farzandlari bor. Xalqqa taqdim etayotgan vaynlarni "yedirish"ni qoyilmaqom qilib "eplashyapti". Ularning "xayp"ga boy vaynlarini tartibga solish bu erkin ijodni bo‘g‘ishga kirmaydi. Aksincha kelajak avlodga sog‘lom muhit yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Cho‘lponoy Ahmedova,
«Jizzax ovozi»