EKOLOGIYANING INSON SALOMATLIGIGA TA'SIRI

Bugungi kunda havo, suv va tuproqning ifloslanishi aholi salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. 

Inson salomatligiga tasir etayotgan zararli omillarning 30 foizi suv tarkibining buzilishi natijasida bo‘lsa, 40 foizi atmosfera havosining bulg‘anishiga to‘g‘ri kelar ekan. Chiqayotgan turli axlat va chiqindilar esa havo va suvni zararlabgina qolmay, tuproq tarkibiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun chiqindilarni aholi yashaydigan joylardan belgilangan masofada uzoqlikda, shamol esishni hisobga olgan holda joylashtirish kerak. Chiqindilarni suv omborlari, daryo bo‘ylariga tashlash turli yuqumli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladi. To‘plangan chiqindilarni kuydirish mumkin emas. Ularni ko‘mib o‘g‘itga aylantirish va qayta ishlash yo‘llarini o‘ylash kerak.

Suv haqida gapirganimizda quyidagi faktlarga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Yer yuzida yashovchi 1 milliard odam toza ichimlik suv bilan ta'minlanmagan. Buning oqibatida rivojlanayotgan mamlakatlarda 2 million aholi turli kasalliklarga chalinib hayotdan ko‘z yummoqda. Yer yuzining 70,8 foizi suv, 29,2 foizi quruqlik bo‘lgani holda mavjud suvning asosiy qismi sho‘r, faqat 2 foizigina chuchuk suvdir. Yaxshi tozalanmagan ichimlik suvi jigar, buyrak, nafas yo‘llari, oshqozon- ichak, gepatit A, E, bronxial astma, sil, onkologik, endokrin tizimi kasalliklarini keltirib chiqaradi. Shuning uchun ichimlik suvini tejab ishlatish nihoyatda muhimligini har bir inson tushunishi lozim.

Shahar va qishloqlarda ekologik sog‘lom muhitga ega bo‘lishi uchun asosiy e`tiborini ko‘kalamzor-lashtirishga qaratishimiz kerak. Dov-daraxtlar borliqdagi iflos, chang, shovqin, tuman va hidlarni yutadi. Chang inson salomatligiga zararli tasir ko‘rsatadi. Buyuk tabib Ibn Sino "Chang bilan g‘am bo‘lmasa inson ming yil yashar edi", deb bejiz aytmagan. 

Borliqdagi ifloslik va chang faqat yomg‘ir tufayli tozalanadi. Ko‘kalamzorlar tabiiy filtr bo‘lib, ular atmosferani himoyalaydi va sog‘lomlashtiradi. Sershovqin, mashinalar ko‘p qatnaydigan ko‘chalarning, korxona, maktab va bog‘chalarning atrofida qancha ko‘p daraxt eksak, salomatligimizni kafolatlagan bo‘lamiz. 

Agar yuqoridagi maslahatlarga amal qilmay, atmosferani bulg‘asak, yer yuziga quyosh radiatsiyasi orqali o‘tadigan radiatsion ko‘lanka va ionlashtiruvchi nurlarning hajmi ortadi, nurlarning davomli ta'siri natijasida irsiyat o‘zgaradi, turli tug‘ma majruhlik, surunkali nur va qon kasalligi, xavfli o‘sma kasalliklari ko‘paya boradi.

Yurtimizda ekologik sog‘lom muhitni yuzaga keltirish uchun ekologik hasharlarini o‘tkazish, yashil hududlar tashkil qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish katta ahamiyatga ega. Shuning barobarida shifokorlar ishtirokida sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyatni oshirish, kasalliklarning oldini olish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish lozim.

 

N.Jamolov,

Viloyat OITS ga qarshi kurashish markazi yetakchi mutaxassisi


Авторизация