XALQNING O‘ZIDAY QADIM VA ULUG‘ AYYOM

Navro‘z bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’i nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona.

Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayram. Qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab kelayotgan, elimizni, yurtimizni ulug‘lab kelayotgan Navro‘z haqida tarixiy, adabiy manbalar ko‘p. Mahmud Qoshg‘ariy, Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi allomalarimizning asarlarida va boshqa manbalarda Navro‘z bayrami, u bilan bog‘liq urf-odatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan.

Abu Rayhon Beruniy «Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar» deb nomlangan asarida bu bayramga katta o‘rin ajratadi, uning kelib chiqishi, tarixi haqida fikr yuritadi. Eng muhimi, bu azaliy qadriyatning bizning kunimizgacha yashab kelayotgani, Navro‘z bilan bog‘liq an’ana, urf-odat va marosimlarning hamon elimiz ardog‘ida ekanligi eng ishonchli va mo‘tabar manbadir.

Aynan ko‘klam paytida fasllar almashinuvi, tabiatning qayta uyg‘onishi, uni jonlantirish bilan bog‘liq «Qozon to‘ldi» kabi qadimiy marosimlar, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish tomoshalari, polvonlar kurashi, baxshilar bellashuvi, sumalak, lola sayllari bo‘lib o‘tgan. Ushbu marosim va sayllar mohiyatan inson hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan ko‘klam va yangi yilni qutlab, uning qut-barakali o‘tishini Yaratgandan so‘rash, turli o‘yin, harakat, qo‘shiqlar asosida kelayotgan yilning qanday bo‘lishini chamalab ko‘rish uchun xizmat qilgan. Ushbu e’tiqod va u bilan bog‘liq marosimlar tizimi elimiz orasida bugungi kungacha yashab kelmoqda.

Afsonalarning birida ajdodlarimiz temir qoyani eritib, yangi makonga chiqqanligi, shu kunni yangi kun, yilning boshi, deb atagani aytiladi. Yana bir afsonalarda ushbu ayyom kunida davlat qushi uchirilib, u kimning boshiga qo‘nsa o‘shani shoh etib saylaganlari haqida so‘z yuritiladi. Aslida bu davlatchilik haqidagi qarashlarning ilk kurtaklari edi. Bu yurtda, bu tuproqda Amir Temur davlati kabi ulkan saltanat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Buning zamini juda olis zamonlarga, ajdodlarimiz o‘z qadriyatlarini ulug‘lab, uni Navro‘z deb atalgan qomusiy bir tizimga sola boshlagan davrlarga borib taqaladi. Demak, shodiyonalar shunchaki bir bayram emas, balki xalqimizning jipslashishi, davlatchilik tushunchalarining shakllanishi jarayoni bilan chambarchas bog‘liq ulkan qadriyatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 martdagi “2024 yilgi Naro‘z umumhalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqilib, yangilanish bayrami «Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori kayfiyatda o‘tkazilishi ham ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlarni yanada mustahkamlashi shubhasiz.

Maftuna SULAYMONOVA,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi


Авторизация