BOSHQARUV KOMPANIYALARI FAOLIYATIGA BIR NAZAR

Xabaringiz bor, shu yilning 29-yanvar kuni davlatimiz rahbari boshchiligida 2024-yilda uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi hamda vazirlik idoralarining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yuqoridagi masalalar bo‘yicha hali yechimini kutib turgan muammolar talaygina ekanligi tanqidiy muhokkama etildi. 

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘p qavatli uylarni boshqarish, issiqlik va suv ta`minoti sohalarida hanuzgacha keskin o‘zgarish bo‘lmayapti. 

Birgina, Jizzax viloyatida jami 2344 ta ko‘p kvartirali uy-joylar mavjud bo‘lib, ularga 31 ta boshqaruv tashkilotlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

2023-yilda Davlat dasturlari va boshqa manbaalar ijrosi yuzasidan viloyatdagi 569 ta ko‘p kvartirali uy-joy 125,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan mukammal va joriy ta`mirlanib, tutash hududlarda infratuzilma ob`ektlarini qurish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, bajarilgan ishlar barobarida sohada bir qancha kamchiliklar ham mavjud. Masalan, viloyatda jami 510 ta yerto‘la qismi mavjud ko‘p kvartirali uy bo‘lsa, shulardan faqatgina Jizzax shahridagi 50 ta, Zomin tumanidagi 11 tasi foydalanishga yaroqli hisoblanadi. Bugungi kunga qadar mazkur yerto‘lalarning 29 tasi Boshqaruv servis kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalarga ko‘ra tadbirkorlarga ijaraga berilgan. Qolgan 32 ta yerto‘la foydalanishga yaroqli bo‘lsada, bugungi kunda ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi Boshqaruv tashkilotlarining moliyaviy holati barqaror emasligi sababli boshqaruv tashkilotlari bilan tadbirkorlar o‘zaro kelishgan holda mazkur yerto‘lalarni o‘z hisobidan to‘liq ta`mirlab, foydalanishi maqsadga muvofiq. Foydalanish uchun ijaraga berilmagan yerto‘la maydonlarini yil yakuniga qadar to‘liqligicha tadbirkorlarga taqdim etish choralari ko‘rilyapti.

Hududlarda xizmat ko‘rsatayotgan Boshqaruv tashkilotlaridan ko‘p kvartirali uylarda yashovchi mulkdorlarning debitor qarzdorliklari yuqori bo‘lib, joriy yilning 1 fevral holatiga 32.3 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Muqaddam faoliyat yuritgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilgan va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asosli va asossiz tarzda oylik majburiy badal mablag‘lari hisoblanganligi va ko‘p kvartirali uylarda yashovchi mulkdorlarning to‘lov qobiliyati qoniqarsiz darajada ekanligi sababli mazkur debitor qarzdorliklar vujudga kelgan. 

Àyni paytda Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Bosh prokuratura boshchiligida (MIB, IIB, Milliy gvardiya, Soliq inspeksiyasi, hokimliklar, Markaziy bank va boshqa tegishli tashkilotlar ishtirokida) Ishchi guruh shakllantirilib, mazkur qarzdorliklarni undirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, ko‘p kvartirali uylardagi mulkdorlarga ularning qarzdorliklarini ixtiyoriy tarzda qoplash yuzasidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Yil yakuniga mazkur debitor qarzdorliklarni to‘lig‘icha qoplanishi yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Bugungi kunda viloyatda 107 ta ta`mirtalab ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, uylar 2024-yilgi Davlat dasturi ijrosi yuzasidan ish turlariga ko‘ra ta`mirlanishi rejalashtirilgan. Bunda, 55 ta uyning tom qismi, 180 ta kirish yo‘laklari, 130 ta elektr taqsimlovchi shitlar, 13 ta uyning muhandislik kommunikatsiyalari, 32 ta uyning fasad qismlarini mukammal va joriy ta`mirlash, 101 ta temir eshik va 35 kvadrat metr framuga romlarini o‘rnatish ishlari ko‘zda tutilgan. Qachonki, yuqorida aytib o‘tilgan kamchiliklar qisqa fursatlarda bartaraf etilar ekan, shunda boshqaruv kompaniyalari faoliyatidan aholi rozi bo‘ladi. Qolaversa, ko‘p qavatli uylardagi mavjud yerto‘lalar tezroq tadbirkorlarga ijaraga berilsa, u yerda qo‘shimcha ish o‘rinlari ham yaratiladi, yiliga qanchadan-qancha qo‘shimcha mablag‘lar topilishi mumkin.

Said Donishev



Авторизация