PROFESSIONAL TA'LIM TIZIMIDA XALQARO ANDOZALAR

Professional ta`lim, kasb-hunar maktablari bugungi jamiyatga zarur bo‘lgan sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida muhim ahamiyatga ega.

Bu borada Germaniya ta`lim tizmiga oid tajribani o‘rganish e`tiborga loyiq. Ma`lumki bu mamlakat jahon ilm-fani va madaniyati o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Zero, nemis ta`lim dargohlarida mustaqil fikrlash hamda keng dunyoqarash shakllanishiga alohida e`tibor beriladi. 

Germaniyada ta`lim davlat nazoratidadir. Mamlakatda 16 ta federal hudud mavjud bo‘lsa, ularning har biri o‘zining ta`lim to‘g‘risidagi qonuniga ega. Shu sababli federal hududlarning ta`lim tizimida ayrim farqlar bor. Masalan, aksariyat hududlarda boshlang‘ich ta`lim 4 yil, poytaxt Berlinda esa 6 yil qilib belgilangan. Ammo bu kabi farqlarga qaramasdan, barcha hududlarda umumiy tartib-qoidalarga amal qilinadi. Maktab ta`limi majburiy va bepul. Germaniyada shuningdek kasb-hunar maktablari ham faoliyat yuritadi. Ulardagi o‘quv dasturlar an`anaviy maktablardan farq qiladi. 

Germaniyadagi kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘qish davrining uchdan ikki qismida korxonada ishlashadi. Ushbu tizim o‘quvchilarga shogirdlik davridayoq pul topish va hayotda mustaqil bo‘lish imkonini beradi. To‘liq malakaga ega bo‘lgach, ko‘plab shogirdlar malakali ishchi sifatida o‘zlari ta`lim olgan kompaniyada qoladilar. Qolishni istamagan o‘quvchilar boshqa kompaniyada ish topish imkoniyatiga ega. 

Shunisi ahamiyatliki, nemis kompaniyalarida bo‘sh ish o‘rinlari yildan-yilga o‘sib bormoqda. Statistik ma`lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, 2021-yil 20-sentabr holatiga ko‘ra jami 63 000 taga yaqin to‘ldirilmagan ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan. Shu tufayli ham Germaniya ta`lim tizimida kasb-hunar maktablariga talab katta.

Professional ta`lim tizimi rivojlangan davlatlarda mehnat bozori, kasbga o‘qitish va o‘rgatish tizimining uyg‘unlashuvi sifatida muvaffaqiyat qozongan. Shu bois, O‘zbe-kistonda ham 2020-yildan boshlab ilk bor milliy va tarmoq ixtisoslashuv tizimi, kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan ta`lim standarti va dasturlari joriy etildi. Bu esa o‘z navbatida mehnat bozori bilan ta`lim sohasi integratsiyasini ta`minlash uchun xizmat qiladi.

 Bu yerda gap faqat mahalliy mehnat bozori haqida emas. Xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning mutaxassis sifatidagi mavqei, xalqaro talablarga mosligi, xorijda ham nufuzli joylarda mehnat qila olishi, munosib ish haqiga ega bo‘lishi mamlakatimizdagi kasb-hunar maktablarining ta`lim sifatiga borib taqaladi. Demak, bu boradagi muammolarni bartaraf qilish vazifasi hamisha dolzarbligicha qolaveradi.

Nigora Abdusattarova



Авторизация