SOVG`A EMAS PORA

Korrupsiyaning tarixiy o`zaklariga to`xtalsak, u juda qadimga borib taqaladi. O`tmishda qabilada ma’lum mavqega ega bo`lish uchun qabila sardorlariga sovg`alar berish odati mavjud bo`lgan. O`sha davrlarda bu odatiy holat sifatida qabul qilingan.

Biroq, korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to`siq ekanligini hozirda yoshu qari birdek anglaydi. Afsuski shunday bo`lsada bu illatdan butunlay voz kechishga kelganda nafs balosi to`sqinlik qiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish ham anchayin ilgaridan shakllangan. Unga qarshi choralar ko`ra boshlagan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Muqaddas dinimizda ham pora qattiq qoralangan. Unda "Boshqalarning mulkini nohaq yo`l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo`lgan narsalarni olish uchun o`z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar" deyilgan. Injilda "Sovg`alarni qabul qilma, chunki sovg`a ko`rni ko`radigan qiladi va haqiqatni o`zgartiradi" deya ta’kidlangan. Bundan ko`rinadiki, azalda oddiy hol bo`lgan sovg`a berish an`anasining oqibati qanchalar og`ir ekanligi hayot tajribalarida qayta va qayta isbotini topgan.

1787-yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish og`ir jinoyatlarning biri sifatida ko`rsatib o`tilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o`rganish shuni ko`rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashda qat`iy choralar ko`rish muhim o`rin egallaydi. 

Huquqiy savodxonlikning pastligi - aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o`zining shaxsiy manfaati yo`lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.

Singapur davlati 1965-yil mustaqillikka erishgach korrupsiya darajasi eng yuqori bo`lgan davlatlar qatorida turar edi. Lekin bu illatga qarshi o`tkazilgan bir qator tadbirlar korrupsiyaning minimal darajaga tushishiga olib keldi. Birinchi navbatda, byurokratik jarayonlar yengillashtirilib sud tizimining mustaqilligi (sudyalarning daromadlari va imtiyozlarini oshirish evaziga) oshirildi. Shu bilan birga korrupsiya jinoyatlari uchun jazolar og`irlashtirilib, fuqarolarga korrupsiyaga qarshi jinoyatlarni tergov qilishda hamkorlik qilishdan bosh tortganligi uchun juda katta moliyaviy sanksiyalar belgilandi. Bir qator davlat idoralarida ommaviy "tozalashlar" o`tkazilib bu jarayonlar telekanallar orqali butun mamlakatga namoyish qilindi. Yuqorida sanab o`tilgan omillarning hammasi Singapurni qisqa muddatlarda korrupsiya darajasi eng past mamlakatlar ro`yxatida ilg`or davlatlar qatoriga olib chiqdi. Shuningdek, davlat xizmatchisining axloq standartlariga rioya etishini qattiq nazorat ostiga olish ham Singapur davlatida korrupsiyaga qarshi kurashda muhim dastaklardan biri bo`lib xizmat qiladi.

2003-yil 9-dekabrda Meksikaning Merida shahrida korrupsiyaga qarshi kurashishda davlatlar o`rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish maqsadida 3 kun davom etgan konferensiya tashkil etildi. Bu konferensiya davomida 100 dan ortiq davlat tomonidan Korrupsiyaga qarshi Xalqaro konvensiya imzolandi. Konferensiyaning birinchi ish kuni ya’ni 9-dekabr BMT tomonidan butun dunyoda korrupsiyaga qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan. Ushbu konvensiyaning qabul qilinishi va kuchga kirishi (2003-yil 31-oktabr) dunyo mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi hamkorligini yangi pog`onaga ko`tardi. Konvensiyada korrupsiyaning rivojlanishi uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa jamiyat uchun xavfli bo`lgan salbiy omillarga qarshi kurashga ulkan to`siq bo`lishi mumkinligiga alohida urg`u berilgan.

Yurtimizda ham bu illatga qarshi izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2017-yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Davlat rahbari o‘zining har bir murojaatida aybdor shaxslarni qonuniy javobgarlikka tortish, profilaktika chora-tadbirlari tizimini kuchaytirish zarurligi, korrupsiyaga qarshi butun jamiyat tomonidan kurashish muhimligiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda korrupsiyani idrok etish ko‘rsatkichi yaxshilanish sur’ati bo‘yicha mintaqada yetakchiga aylangan yagona davlatdir. Bu 2017-yildan buyon korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etilayotganini yana bir marta isbotlaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda jahon mamlakatlari tajribasini o`rganish shuni ko`rsatadiki, faqatgina jinoiy qonunchilikni og`irlashtirish yo`li bilan bu salbiy illatga qarshi kurashib bo`lmaydi. Bu illatni yengish uchun birinchi navbatda, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish lozim bo`ladi.

Shahnoza MANSUROVA


Авторизация