KORRUPSIYA RIVOJLANISHIMIZGA TO'SIQ

"O‘zmilliybank" ÀJ Jizzax viloyat Bosh boshqarmasida 9 dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan "Korrupsiya rivojlanishimizga to‘siq" nomli tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda "O‘zmilliybank" ÀJ Jizzax viloyat Bosh boshqarmasi bo‘lim boshliqlari, hududiy bank xizmatlari markazlari va ofislarining xodimlari ishtirok etishdi.

"O‘zmilliybank" ÀJ Jizzax viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Meliyev tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonunining mohiyati va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha bank tizimida ham davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinayotganligini ta`kidladi.

Yig‘ilishda so‘z olgan, viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Q. Xolmurodov korrupsiyaviy jinoyatlarning asosiy turlari, aldov yo‘li orqali o‘zga shaxslar nomiga kredit rasmiylashtirish, mijozlarning omonatlarini o‘zlashtirish, davlat mulklarini garovga olish, garovda turgan mulklarni lozim darajada tekshirmasdan qayta garovga olish, garovdagi mol-mulklarni monitoring qilishdagi firibgarliklarga qarshi kurashish kerakligi haqida so‘z yuritdi.

Jizzax viloyati hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi rahbari S.Meliboyev Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu jinoyatga, "Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor. Bu korrupsiya va poraxo‘rlik. Jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin. Korrupsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishidir", deb ta`rif berilganligini tilga olib, korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma`muriy munosabatlari ma`no-mohiyatini o‘zgartirishi, jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishi to‘g‘risidagi fikr va mulohazalarini bayon etdi.

Ta`kidlash joizki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilishi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi mahsulidir. Prezidentimizning jamiyatni "halollik vaksinasi bilan emlash" zarurati haqidagi fikrlarini bu boradagi ishlarning poydevori sifatida ko‘rish zarur. Prezidentimiz ta`kidlaganidek, "Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi".

Tadbir yakunida "O‘zmilliybank" ÀJ Jizzax viloyati Bosh boshqarmasi Yuridik bo‘lim boshlig‘i B.Muxtorov so‘zga chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan maqsadlarni samarali amalga oshirish maqsadida mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida olib borilayotgan sa`y-harakatlarda xodimlarning siyosiy ongini yuksaltirish, huquqiy madaniyatini oshirish hamda korrupsiyaviy harakatlarga qarshi tushunchalarni shakllantirish zarurligini ta`kidlab, barcha ishtirokchilarni hushyorlikka, lavozim yo‘riqnomasi vazifalarini vijdonan va sidqidildan bajarishga davat etdi.

Bekzod Àbdurasulov,

"O‘zmilliybank" ÀJ Jizzax viloyat Bosh boshqarmasi Xavfsizlik, rejim va axborotni himoyalash bo‘limi

komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi



Авторизация