ENG XAVFLI ILLAT

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar samaradorligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari katta rol o‘ynaydi. Chunki OAV korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni yoritadi hamda ushbu sohadagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.


OAVning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuqoridagi ishtiroki O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 15-moddasida ham belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Agentlik vakolatli organ ekanligini hisobga olib, ushbu yo‘nalishdagi tashviqot ishlarida:

- korrupsiyaning paydo bo‘lish shakllari va o‘ziga xos jihatlari, sabablari, ijtimoiy jihatdan xavfli va zararli oqibatlari to‘g‘risida umumiy tasavvurni shakllantirish;

- amaldagi qonunchilik, umumetirof etilgan etika va korrupsiyaga qarshi xulq-atvorning axloqiy qadriyatlariga rioya qilishga asoslangan xulq-atvor modelini shakllantirish;

- amaldagi korrupsiyaga qarshi kurash tamoyillari, talablari va tartib-taomillari bilan tanishtirish;

- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kelib chiqishiga xizmat qiluvchi shart-sharoitlarni ajrata bilish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rishi zarur.


Shu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashda OAVning roli” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Viloyat axborot-kutubxona markazida OAV vakillari va kutubxona xodimlari ishtirokidagi tadbirni Agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i U.Adilov boshqarib bordi. Muloqotda korrupsiyaning ayanchli oqibatlari, uning oldini olish va kurash choralari xususida so‘z yuritildi.  Agentlik mas’ul xodimlari I.Abdiyev, R.Yaxyayev, G‘.Boliyev qatnashgan yig‘ilish “Farzandingizning ijobiy qahramoni bo‘ling” videoroligi namoyishi bilan yakunlandi.

 

(O‘z muxbirimiz)


Авторизация